“Kumush tola” ijodkorlari: mavsum samarali bo‘ladi
Buxoro viloyati Vobkent tumani pillakorlari joriy yilda 5 ming 43 quti ipak qurti parvarishlab 287 tonna xirmon barpo etishni rejalashtirgan.
“G‘alvirni suvdan ko‘targanda” har qutidan olinadigan hosildorlik salmog‘i 57 kilogrammga to‘g‘ri keladi. Ayni kunda esa tumanda mavjud 13 ta inkubatoriyada xorijdan keltirilgan qurt urug‘lari belgilangan me’yor asosida jonlantirilib, kasanachi oilaviy zvenolariga yetkazib berilgan. E’tiborlisi, bu sara urug‘ mahsuldorligi ancha yuqori bo‘lib pillasi sifatli va qo‘l mehnatini ham biroz tejaydi. Shu bilan birga barg iqtisod qilinadi. Har qanday ob-havoga tez moslashib, yuqori hosil, ya’ni pilla beradi.

Pilla yetishtiruvchi kasanachi yoki xo‘jaliklar yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilingan va ular jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydi. Qolaversa, pilla parvarishlangan davr tizim kasanachilari uchun yillik ish staji bo‘lib qo‘shiladi. Bu esa pensiya tayinlashda alohida hisoblanadi. Qurt boquvchilariga joriy mavsum oldidan buyurtmachi va ta’minotchi tomoni – "Kumushkent ipagi" MCHJ tomonidan har quti ipak qurti uchun 500 ming so‘m avans-bo‘nak puli tarqatilgani oilaviy zvenolar mehnatiga munosib bahodir.
“Kumushkent ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati pilla xom ashyosini qayta ishlash borasida boy tajribaga ega korxonalardan biri. Bu yerda xom ashyo ikki bosqichda qayta ishlanmoqda.
–O‘tgan yili korxonamiz tomonidan mahsulotning 95 foizi xorijga Janubiy Koreya, Xitoy va Hindistonga eksport qilingan, – deydi korxona rahbari Shabon Hojiyev. – Chet ellik buyurtmachilarga 1,2 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot yetkazib berilgan.
Ta’kidlash joizki, “Kumushkent ipagi” da 125 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Korxona har yili to‘rt ming nafarga yaqin kishini mavsumiy ishga jalb etayotgani ham daromadsiz oilalar uchun bir imkoniyat. Korxonani xom ashyo bilan ta’minlashda esa ipak qurtini 2-3 mavsum davomida boqish yo‘lga qo‘yilgani qo‘l kelayotir.

Shu o‘rinda korxonada xorijdan sun’iy dasta tayyorlaydigan zamonaviy uskunadan foydalanilayotgani ham kasanachilarga yana bir qulaylik. Joriy mavsumda 3 ming quti ipak qurti uchun zarur dasta shu uskuna vositasida tayyorlangan. Ishlatish uchun qulay, toza bunday dastalardan o‘n yilgacha foydalanish mumkin. Vaholanki, shu paytga qadar shuvoq, supurgi va hatto terak shoxlari pilla o‘rovchi vosita sifatida ishlatilar edi. Mutaxassislar fikricha, bir quti ipak qurti pilla o‘rashi uchun bir “telejka” shuvoq, albatta, ishchi kuchi, vaqt taqozo qilinadi.
Zamonaviy uskuna sharofati bilan esa bu masala yechimini topdi.
Zarif Komilov,O‘zA