Kuchli ta’lim, sog‘lom mafkura – barqaror jamiyat garovi
Raqamli axborot makoni kengaygan hozirgi davrda ta’lim va mafkura o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Jamiyat taraqqiyoti, davlat barqarorligi va millatning ma’naviy qiyofasi aynan ushbu ikki omilning uyg‘unligiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Ta’lim insonga bilim berish bilan cheklanmay, uning dunyoqarashi, qadriyatlari, fikrlash tarzi va hayotiy pozitsiyasini shakllantiradi. Bu tizim jamiyatda muayyan mafkuraviy muhit yaratib uni avlodlar ongiga singdiradi.
Mafkura jamiyatni birlashtiruvchi, uning maqsad va manfaatlarini ifoda etuvchi g‘oyaviy tizimdir. Agar ta’lim tizimi kuchli va mazmunli bo‘lsa, u sog‘lom mafkurani shakllantirishga xizmat qiladi. Aks holda, bilimsizlik va ma’naviy bo‘shliq turli yot g‘oyalar kirib kelishiga zamin yaratadi. Shu bois ta’lim va mafkuraga alohida-alohida emas, balki o‘zaro uzviy bog‘liq jarayon sifatida qarash zarur. Xususan, ta’lim va mafkura o‘zaro bog‘liq ijtimoiy fenomenlardir. Ta’lim insonga bilim va ko‘nikma berib, odamlarning hayoli va qarashini shakllantiradi. Mafkura jamiyatning qadriyatlari, taraqqiyotga oid yondashuvlari, siyosiy va ijtimoiy intilishlarini ifodalaydi.
Hozirgi davrda ta’lim va mafkuraning uyg‘unligi, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Chunki, yoshlar jamiyatning eng faol, ta’sirchan va kelajakni belgilab beruvchi qatlamidir. Ularning ongida qanday g‘oyalar ustuvor bo‘lsa, kelajak shunga qarab shakllanadi. Shuning uchun ta’lim jarayonida faqat nazariy bilimlar emas, balki milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik, bag‘rikenglik, tahliliy fikrlash kabi muhim jihatlar ham chuqur singdirilishi lozim.
Masalaga shu nuqtai-nazardan yondashilsa bugun Surxondaryo viloyatining ta’lim muassasalari, jumladan, maktablarda tarbiya va oliy ta’lim muassasalarida ma’naviyat darslari hamda turli ma’rifiy tadbirlar orqali yosh avlodning milliy o‘zlikni anglash va Vatanga sadoqat tuyg‘usini kuchaytirishga juda muhim ustuvor vazifa sifatida yondashish kerak.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar viloyatda ta’lim muassasalari soni va sifatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, vohadagi 7 ta oliy ta’lim muassasasida 76,5 mingdan ortiq talaba, 1 ming 4 ta umumta’lim va kasb-hunar maktabida 555 ming 735 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ta’lim va mafkura o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tahlil qilishda raqamli ko‘rsatkichlar masalaning naqadar dolzarb va tizimli ekanini yanada yaqqol namoyon etadi.
Ayni paytda viloyat aholisining qariyb 26 foizini yoshlar tashkil etishi yoki 3 milliondan ortiq aholidan 764 ming 748 nafari 14-30 yosh oralig‘ida ekani ta’lim va mafkura masalalarini strategik darajaga olib chiqadi. Bu demografik holatning o‘ziyoq ta’lim orqali qanday g‘oya va qadriyatlar shakllantirilishi jamiyat kelajagini belgilab berishini ko‘rsatadi.
Yoshlarning ijtimoiy holati tahlili ham ta’lim va mafkuraning o‘zaro bog‘liqligini raqamlar orqali ochib beradi. Joriy yil boshida 764 ming 748 nafar yoshdan 488 ming 241 nafari yoki 63,8 foizi “yaxshi”, 276 ming 507 nafari yoki 36,1 foizi “o‘rta”, 3 ming 93 nafari yoxud 0,4 foizi “og‘ir” toifaga kiritilgani jamiyatdagi ma’naviy va ijtimoiy muhitning turlicha ekanini anglatadi. Bu ko‘rsatkichlar ta’lim faqat bilim berish bilan cheklanmasdan, ijtimoiy barqarorlik va mafkuraviy muvozanatni ta’minlashda ham asosiy vosita ekanini tasdiqlaydi.
Yoshlar bandligi sohasidagi natijalar ham ta’lim va mafkura uyg‘unligining amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi “Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ro‘yxatga olingan 9 ming 107 nafar ishsiz yoshning 9 ming 70 nafari, ya’ni 99,6 foizining bandligi ta’minlangani ijtimoiy siyosatning samaradorligini namoyon etadi. Bu jarayonda 2 ming 143 nafar yoshning doimiy ishga joylashtirilishi, 3 ming 813 nafarining o‘zini o‘zi band qilishi uchun sharoit yaratilishi, 616 nafarining kasb-hunarga o‘qitilishi ta’limning iqtisodiy va mafkuraviy barqarorlikka bevosita ta’sir qilayotganini anglatadi. Shuningdek, 1 ming 414 nafar yoshning tartibli migratsiyaga yo‘naltirilishi global mehnat bozoriga integratsiya jarayonida ham ta’lim muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham yoshlar dunyoqarashi va tashabbuslarini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 300 million dollarlik resurs ajratilgani, jumladan, 797 nafar yoshga 103,3 milliard so‘m kredit berilgani iqtisodiy faollik orqali ijobiy mafkuraviy muhit yaratilayotganidan darak beradi. 626 nafar talabaning loyihalari uchun 20 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi ta’lim va innovatsiya uyg‘unligini kuchaytirishga xizmat qiladi. “Yoshlar daftari” doirasidagi ishlar ham ijtimoiy-mafkuraviy barqarorlikni ta’minlashda muayyan o‘rin tutmoqda. Shu yil boshidan ro‘yxatga kiritilgan 420 nafar yoshning 272 nafari yoki 64,8 foiziga yordam ko‘rsatilib, ularning muammolari hal etilgani manzilli yondashuv samarali tizim ekanidan darak beradi.
Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi 3 ming 93 nafar yosh bilan manzilli ish olib borilib, ulardan 544 nafariga amaliy yordam ko‘rsatilgani, 397 nafari esa xavf toifasidan chiqarilgani mafkuraviy tarbiyaning samaradorligini raqamlarda ifodalaydi. Bu jarayonda ta’lim, huquqiy ong va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning uyg‘unligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Jamiyatdagi mafkuraviy barqarorlikni baholovchi muhim indikatorlardan biri sifatida yoshlar jinoyatchiligining 51,6 foizga kamaygani alohida e’tiborga molik. Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 815 mingdan ortiq yoshning turli tanlov va tashabbuslarda ishtirok etishi, ularning 77 foizi sport, 23 foizi esa madaniy-intellektual yo‘nalishlarga jalb qilingani yoshlar siyosatida muvozanatli yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa jismoniy va ma’naviy tarbiyaning uyg‘unligini ta’minlaydi.
Umuman olganda, keltirilgan raqamlar shuni ko‘rsatadiki, ta’lim va mafkura o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy tizim sifatida faoliyat yuritmoqda. Ta’lim orqali shakllangan bilim va ko‘nikmalar, iqtisodiy imkoniyatlar bilan mustahkamlangan ijtimoiy muhit va maqsadli mafkuraviy siyosat birgalikda jamiyat barqarorligini ta’minlamoqda.
Yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan yuksaltirish uchun joriy o‘quv yilida barcha ta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan”, “Turon teatri”, “Iqtidor”, “Zararli odatlarga yo‘l yo‘q”, “Kitob-bilim manbai”, “O‘zbek milliy qadriyatlari”, “Biz hech kimdan kam emasmiz”, “Milliy taomlar”, “Quvnoq startlar” kabi tanlov, musobaqa va boshqa tadbirlar o‘tkazilgan.
Mafkura va ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlik axborot makoni orqali ham namoyon bo‘ladi. Hozirgi globallashuv va axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida tashqi xavf va tahdidlar ham ortib bormoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli mafkuraviy xurujlar, yot g‘oyalar, ekstremistik va radikal qarashlar keng tarqalmoqda. Bu esa, ayniqsa, bilim va hayotiy tajribasi yetarli darajada shakllanmagan yoshlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Axborot oqimining cheksizligi sharoitida inson qaysi ma’lumotni qabul qilish, qaysisini rad etishni bilishi kerak. Bu esa aynan ta’lim orqali shakllanadigan tahlil qilish qobiliyatiga bog‘liq. Mafkuraviy xurujlar ko‘pincha yashirin, muloyim va jozibador shaklda namoyon bo‘ladi. Ular inson ongiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki madaniyat, kino, musiqa, blogerlik faoliyati yoki turli “erkinlik” shiorlari orqali ta’sir o‘tkazadi. Bunday holatlarda oddiy taqiq va cheklovlar samara bermaydi. Aksincha, insonda mustaqil fikrlash, axborotni tahliliy baholash va o‘z milliy qadriyatlariga tayangan holda qaror qabul qilish qobiliyati shakllangan bo‘lishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, mafkuraviy himoyaning eng samarali yo‘li bu kuchli ta’lim va sog‘lom dunyoqarashdir. Ta’lim muassasalarida nafaqat fanlar o‘qitilishi, balki hayotiy ko‘nikmalar, media savodxonlik, axborot xavfsizligi, milliy o‘zlikni anglash kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratish lozim. O‘qituvchi va murabbiylar nafaqat bilim beruvchi, balki tarbiyachi, yo‘l ko‘rsatuvchi va mafkuraviy yetakchi sifatida o‘zini namoyon eta bilishi kerak. Bu jarayonda qadimiy vohaning boy tarixi va madaniy merosi katta manba sanaladi. Viloyatda mangu qo‘nim topgan Hakim Termiziy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish ta’lim jarayonining mafkuraviy yadrosini tashkil etadi. Ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan ma’rifiy tadbirlar va ziyorat turizmi doirasidagi ekskursiyalar yoshlarda o‘z tarixidan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytiradi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, tarixiy bilimlarga ega yoshlar yot g‘oyalarga nisbatan chidamliroq va mustahkam irodaga ega bo‘ladi.
Viloyatdagi madaniyat muassasalari, bolalar musiqa va san’at maktablari, muzeylar ham yosh avlodni Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida ulg‘aytirishda ta’lim va mafkuraning uyg‘unligini ta’minlaydigan eng muhim institutlardan biri sanaladi. San’at orqali berilayotgan tarbiya yoshlarda nafaqat bilim, balki ma’naviy immunitetni ham kuchaytiradi.
Xullas, global tahdidlar kuchayib borayotgan bizning davrimizda yoshlarni mafkuraviy xurujlardan himoya qilish faqat kuchli ta’lim, sog‘lom dunyoqarash va milliy qadriyatlarga tayangan holda amalga oshirilishi mumkin. Shu bois ta’lim tizimini takomillashtirish, uning mazmuniga zamonaviy va ma’naviy jihatlarni uyg‘unlashtirilgan holda joriy etish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.
O‘zA