Kubok sohiblari aniqlandi
Nukus olimpiya zaxiralari kollejida 21-24-fevral kunlari stol tennisi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kubogi musobaqalari o‘tkazildi.
Nukus olimpiya zaxiralari kollejida 21-24-fevral kunlari stol tennisi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kubogi musobaqalari o‘tkazildi.O‘ziga xos sport bayramiga aylangan tadbirda Nukus shahri, Xo‘jayli, Amudaryo, Chimboy, Taxtako‘pir, Beruniy, Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l va Qanliko‘l tumanlaridan 210 dan ziyod sportchi o‘zaro bahslashdi.
Turli yoshdagi o‘g‘il bolalar va qizlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda eng kuchli raketka egalari aniqlandi. Ular orasida Nukus olimpiya zaxiralari kolleji qoshidagi maktab-internatning 8-sinf o‘quvchisi Muhriddin Rajabov ham bor. Iste’dodli bu sportchi joriy yilning fevral oyida Latviyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda uchinchi o‘rinni egallab qaytdi.
– Mazkur bellashuvni o‘tkazishdan asosiy maqsad eng kuchli sportchilardan iborat Qoraqalpog‘iston terma jamoasini shakllantirishdir, – deydi musobaqa bosh hakami Qayrat To‘lqinboyev. – Besh kishidan iborat o‘g‘il bolalar va qizlar terma jamoalari mart oyida Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida ishtirok etadi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, qizlar o‘rtasidagi bellashuvda birinchi o‘rinni Nukus olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘ringa Nukus shahridagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoasi, uchinchi o‘ringa Amudaryo tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda Xo‘jayli tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoalari sazovor bo‘ldi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni Nukus olimpiya zaxiralari kollejining 1-jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rinni mazkur kollejning 2-jamoasi, uchinchi o‘rinni Nukus shahar 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda Xo‘jayli tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoalari qo‘lga kiritdi.