Ku Yun Chxol: Prezidentingiz mamlakatni modernizatsiya qilish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda (+video)
Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi davom etmoqda. Nufuzli xalqaro anjuman doirasida qator davlatlar vakillari, moliya institutlari rahbarlari hamda yetakchi ekspertlar ommaviy axborot vositalariga intervyular bermoqda.
Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Men sizning go‘zal mamlakatingizga tashrif buyurdim va ochig‘ini aytsam, katta taassurot oldim. Bu yerdagi o‘zgarishlar, rivojlanish sur’ati va ayniqsa, xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik darajasi juda yuqori. Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishiga ko‘rilgan tayyorgarlik haqiqatan ham tahsinga loyiq. Bu O‘zbekistonning imkoniyatlari va salohiyatini namoyon etmoqda, – dedi vazir.
O‘zbekistonning rivojlanishga bo‘lgan yondashuvi ham diqqatga sazovor. Prezidentingiz mamlakatni modernizatsiya qilish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda.
Ishonamanki, O‘zbekiston yaqin kelajakda rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shiladi. Buning uchun barcha zarur omillar mavjud. Ayniqsa, infratuzilma, bioindustriya va tibbiyot sohalariga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar juda to‘g‘ri qaror.
Bu sohalar nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi, balki aholi farovonligini ham oshiradi. To‘g‘ri strategiya orqali mamlakat yanada boy va barqaror iqtisodiyotga ega bo‘lishi mumkin.
Keyingi yillarda Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada mustahkamlandi. Biz strategik sheriklarmiz va bu munosabatlar yanada chuqurlashib bormoqda.
Kecha bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston Prezidenti bu aloqalarni yanada yuqori bosqichga – “birodar davlatlar” darajasiga olib chiqish haqida fikr bildirdi. Bu juda katta ahamiyatga ega. “Birodar davlatlar” tushunchasi o‘zaro ishonch, yaqinlik va uzoq muddatli hamkorlikni anglatadi.
Men ishonamanki, kelajakda ikki mamlakat birgalikda yanada katta yutuqlarga erishadi.
Biz asosan infratuzilma, bioindustriya va tibbiyot sohalariga e’tibor qaratmoqdamiz. Ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar juda muhim. Xususan, bolalar shifoxonalari sohasida erishilgan natijalar yuqori bahoga loyiq. Endi yangi bosqich – kattalar uchun zamonaviy tibbiyot muassasalari va onkologiya markazlarini rivojlantirish masalasi kun tartibida turibdi.
Jumladan, Toshkent shahrida kattalar shifoxonasi va saraton kasalliklari markazini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalari muhokama qilinmoqda. Bu nafaqat tibbiy xizmat sifatini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.
O‘zbekistonning kelajagiga katta ishonch bilan qarayman. Bu yerda katta salohiyat bor va to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilinmoqda. Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik har ikki mamlakat uchun ham foydali bo‘ladi.
Kelajakda birgalikda o‘samiz, rivojlanamiz va yangi imkoniyatlarni yaratamiz. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy taraqqiyot uchun ham muhim ahamiyatga ega.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/2fLwFfKe9xs?si=xfxDmYDwZN-AGJGq" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Musulmon ZIYO,
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video),
O‘zA