Kristine Fenger: “Professional ta’lim sohasida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda”
Bugungi kunda professional ta’limni zamonaviy mehnat bozori talablari asosida rivojlantirish, yoshlarga sifatli kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalar berish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “O‘zbekiston - Germaniya: 35 yillik taraqqiyot va hamkorlik” loyihasining mehmoni “iMOVE: Training - Made in Germany” tashabbusi rahbari, Germaniya Professional ta’lim federal instituti (BIBB) vakili Kristine Fenger O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘zbek xalqini qutlar ekan, ikki mamlakat o‘rtasida professional ta’lim sohasidagi hamkorlik, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va uning istiqbollariga urg‘u berdi:
–Tashkilotimiz nomidan O‘zbekiston xalqini davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Bugungi kunda O‘zbekiston Germaniyaning professional ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi tashkilotlari va mutaxassislari e’tiborini tobora ko‘proq jalb etyapti. Mamlakatning yosh va salohiyatli aholisi, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va modernizatsiya jarayonlari, shuningdek, amaliyotga yo‘naltirilgan kasbiy ta’limni rivojlantirishga bo‘lgan yuksak qiziqish Germaniyaning ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
“iMOVE” Germaniya Federal ta’lim, oila, keksalar, xotin-qizlar va yoshlar ishlari vazirligi tashabbusi hisoblanadi. Yaqinda mazkur vazirlik va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya imzolangani ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bizning asosiy maqsadimiz Germaniyaning professional ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarini xalqaro hamkorlar bilan bog‘lash, ta’lim muassasalari, kompaniyalar va tegishli institutlar o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror sheriklikni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Germaniyalik hamkorlar o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, zamonaviy ta’lim jihozlari bilan ta’minlash, o‘qituvchi va trenerlar malakasini oshirish, sertifikatlash, raqamli ta’lim yechimlarini joriy etish, shuningdek, Germaniya mehnat bozorida faoliyat yuritish istagidagi malakali mutaxassislarni tayyorlash kabi keng yo‘nalishlarda tajriba va xizmatlarni taklif etadi.
O‘zbekiston bilan hamkorlikda, ayniqsa, professional ta’limni korxonalardagi amaliy o‘quv jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ular uchun adolatli, puxta tayyorlangan va tartibli mehnat mobilligi mexanizmlarini shakllantirish katta istiqbolga ega, deb hisoblaymiz.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zaro tashriflar, delegatsiyalar almashinuvi va ilk O‘zbekiston-Germaniya professional ta’lim forumi ikki davlat o‘rtasida ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun katta salohiyat mavjudligini yaqqol namoyon etdi.
Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga kelgusi taraqqiyot yo‘lida yangi muvaffaqiyatlar va farovonlik tilayman. Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan, professional ta’lim tizimini mustahkamlaydigan hamda ikki davlat iqtisodiyotiga xizmat qiladigan hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shishdan mamnunmiz.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.