Kripto-aktivlar aylanmasi sohasi: islohot va natijalar
Farmon va ijro
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalar rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda kripto-aktivlar aylanmasi sohasini olaylik. Ushbu yo‘nalishda milliy kripto-bozorning institutsional tuzilmasi yaratilishi, unda xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalashning yangilangan tizimi joriy etilishi kabi bir qator ishlarning amalga oshirilganligi ham bu kabi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Davron MAKSUDOV bilan suhbatimiz ham ushbu kripto-aktivlar aylanmasi sohasida erishilgan yutuqlar va rejalar xususida bo‘ldi.
– Davron Sanjarxo‘jayevich, aytingchi, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyati va uning vazifalari nimalardan iborat?
– Avvalom bor, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugungi kunda nafaqat ijtimoiy-siyosiy sohalarda, jumladan, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z foydasini berayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasini tartibga solish, mazkur sohada faoliyatni amalga oshirish niyatida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda iqtisodiyotning yangi sohasini yanada rivojlantirish orqali mamlakatimizga, xususan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida Prezidentimizning ko‘pgina topshiriqlari berilgan va tegishli qarorlari qabul qilingan.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi hamda 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, jumladan, kripto-aktivlar savdosi bo‘yicha kripto-birjalar yaratish faoliyati litsenziyalanishi lozimligi yuzasidan tegishli talablar belgilangan.
Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq o‘sha davr davomida tadbirkorlik sohasining yangi bir turi bo‘lgan kripto-birja faoliyatini tashkil etish va uni tartibga solishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. Mazkur sohani tartibga solish va rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilishi natijasida 2019 yil nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlar uchun ham yangilik bo‘lgan birinchi kripto-birja faoliyatiga tegishli litsenziya berildi.
2020-2021 yillarda dunyoning barcha mamlakatlari hududida koronavirus pandemiyasi jadal tarzda tarqalganligi va global iqtisodiyotga kuchli ta’sir ko‘rsatganligi natijasida dunyo hamjamiyati tomonidan kripto-aktivlarga bo‘lgan talab yanada kuchayib bordi. Bu esa, o‘z navbatida, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlari uchun yangi bir sinov bo‘ldi.
Tashkilotimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, Agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha vakolatli organ hamda o‘z faoliyatida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor etib belgilangan.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, kripto-aktivlar aylanmasi sohasida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash, kripto-aktivlar aylanmasi sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish kabi bir qator vazifalar Agentlik zimmasiga yuklatilgan.
– O‘tgan vaqt mobaynida kripto-aktivlar aylanmasi sohasi rivoji yo‘lida qanday ishlar olib borildi?
– Yuqorida keltirilgan talablar asosida Agentlik mutaxassislari tomonidan rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning mazkur sohadagi ilg‘or tajribasi chuqur o‘rganib chiqildi. Mazkur sohada chuqur tajribaga ega bo‘lgan ham mahalliy, ham xalqaro ekspertlar jalb qilindi. Agentlik tomonidan sohani rivojlantirishga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar va sohani to‘g‘ri tartibga solish, tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, fuqarolarimizning manfaatlarini himoya qilish yuzasidan 10 dan ortiq yirik xalqaro kripto-birjalar va boshqa kripto-platformalar rahbariyati hamda vakillari bilan ko‘pgina uchrashuvlar tashkil qilindi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar natijalariga ko‘ra, ekspertlarning tavsiyalari va e’tirozlari asosida hujjat loyihasi mutaxassislar tomonidan qayta-qayta ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Agentlik mutaxassiclari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish yuzasidan tashkil etilgan bir qancha xalqaro konferensiyalar doirasida ishtirok etib, boshqa mamlakatlarning kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi vakolatli organlari hamda boshqa davlat organlari vakillari bilan tegishli uchrashuvlar o‘tkazib, mazkur sohalarda yetarli darajada tajriba almashdi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning 2022 yil 27 apreldagi farmoni bilan kiritilgan qo‘shimchalar va o‘zgarishlar, avvalambor, mazkur sohani yanada rivojlantirishga juda katta turtki bo‘ldi. Ya’ni mazkur hujjat bilan asosiy tushunchalar belgilandi, uning asosida sohani tartibga solish maqsadida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi ta’minlandi.
– Ochig‘i, kripto-aktivlar faoliyati haqida halqimiz u darajada tushunchaga ega emas. Shu ma’noda, ushbu soha ishini ko‘proq tanitish yo‘lida olib borilayotgan ishlar qoniqarlimi?
– Bu masalada fuqarolarning aksariyat qismi raqamli va moliyaviy savodxonligi hamda soha yuzasidan bilim darajasi qoniqarli emasligi bilan bog‘liq, deb bilaman. Ehtimol, ularga yana birmuncha vaqt kerakdir.
Mazkur kamchiliklarni inobatga olgan holda Agentlik tomonidan boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solinganligi va fuqarolarimizga kripto-aktivlarning ijobiy va salbiy tomonlari to‘g‘risida, jumladan, kripto-aktivlarning nima ekanligi, uning mohiyati va texnologik tuzilishi, ular bilan savdo-sotiq operatsiyalarini qay tarzda amalga oshirish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlarning noqonuniy aylanmasini minimallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun 2021 yildan boshlab tegishli seminar va o‘quv kurslari tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, Agentlik mutaxassislari tomonidan O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi talabalar bilan kripto-aktivlar to‘g‘risida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, fuqarolarimizga kripto-aktivlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar, tegishli qonunchilikni qabul qilinishi natijasida faoliyatni olib borayotgan va olib borish niyatidagi sub’ektlarga – investorlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida tushuntirishlar olib borish maqsadida Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalarida bir qator videolavhalar, ko‘rsatuvlar, maxsus sahifa va rubrikalar hamda radioeshittirishlar tashkil etilayotir.
Yuqorida keltirilgan barcha ma’lumotlar, kripto-aktivlarni noqonuniy aylanmasi va ularni niqob qilib olib o‘zining firibgarlik sxemalariga asoslangan loyihalarni targ‘ib qilayotgan kompaniyalar va ularni amalga oshirish sxemalari yuzasidan ko‘plab ma’lumotlar Agentlikning rasmiy veb-sahifasi orqali ham ommaga taqdim qilib kelinmoqda.
– Qayd etganingizdek, bugungi kunda to‘rtta kripto-do‘konga faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berilgan. Ular MDH va Markaziy Osiyodagi ilk qonuniy kripto-do‘konlar sanaladi. Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– MDH mamlakatlarining va boshqa rivojlangan davlatlarning kripto-aktivlar aylanmasini tartibga solishdagi tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hozirgi kunda ular tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganini ko‘rishimiz mumkin. Biroq mazkur hujjatlarning aksariyat qismi bilan faqatgina kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solishda umumiy talab va shartlar belgilangan.
Bizda esa kripto-aktivlar aylanmasini tartibga solishdagi nafaqat umumiy talablar, balki mazkur sohada faoliyat olib borishi mumkin bo‘lgan tegishli faoliyat turlari ham belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi qarori bilan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlari etib “mayning” va “kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlar” faoliyati belgilangan. Xizmatlar provayderlari, o‘z navbatida, “kripto-birja”, “mayning-pul”, “kripto-depozitariy” va “kripto-do‘kon” faoliyat turlariga taqsimlangan.
Umumiy talab va shartlar belgilanganidan so‘ng, amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lgan xizmatlar provayderlari turlarining uchtasi (kripto-birja, kripto-do‘kon va kripto-depozitariy) to‘liq tartibga solingan. Ya’ni, ularni tashkil etish va amalga oshirish uchun tegishli nizom va qoidalar ishlab chiqilgan va qabul qilingan.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan rasmiy beshta xizmatlar provayderlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bular – bitta kripto-birja va to‘rtta kripto-do‘kon.
Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo‘lsak, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan to‘rtta kripto-do‘kon rostdan ham MDH mamlakatlari orasida noyob va rasmiy faoliyat turi hisoblanadi.
Mamlakatimiz hududida kripto-do‘konlar faoliyatini amalga oshirishning asosiy talablardan biri, bu – kripto-do‘konlar tomonidan kripto-aktivlarni sotib olayotgan yoki sotayotgan shaxslarni majburiy identifikatsiyadan o‘tkazish va kripto-aktivlar bilan bog‘liq barcha operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni saqlashdir.
Ma’lumot uchun, mazkur talablar Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhi (FATF), ya’ni mazkur yo‘nalishda xalqaro standartlarni ishlab chiquvchi huqumatlararo tashkilot tomonidan belgilangan.
Shu sababli, kripto-do‘kon faoliyat turi, avvalambor, mamlakatimiz hududida fuqarolarimizga tez, qulay va xavfsiz tarzda o‘z kripto-aktivlari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatini yaratib berish maqsadida tashkil etilganligini ta’kidlash joizdir.
– Kripto-aktivlar aylanmasi faoliyati uchun to‘liq huquqiy me’yorlar ishlab chiqilganmi?
– Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasi deyarli tartibga solingan va mazkur sohada faoliyat olib borish uchun tegishli litsenziya olish talab va shartlari, shuningdek, yuqorida keltirilgan kripto-birja, kripto-do‘kon va kripto-depozitariy faoliyatlarini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun tegishli nizom va qoidalar ham qabul qilingan.
bugungi kunda mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan 11 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarning faoliyat turlari, O‘zbekiston Respublikasi hududida mayning hamda xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yuzasidan asosiy talab va shartlar, kripto-aktivlar muomalasi sohasidagi faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash, xizmatlar provayderlarini litsenziyalash yuzasidan tegishli nizom, kripto-birja, kripto-do‘kon va kripto-depozitariy faoliyatlarini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun tegishli nizom va qoidalar kabi maxsus normativ-huquqiy hujjatlar shular jumlasidan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan kripto-aktivlar operatsiyalarining buxgalteriya hisobi to‘g‘risida axborot xabari ham qabul qilingan.
Shuni ta’kidlash joizki, kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish borasida olib borilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasining Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi a’zo davlatlarda o‘zaro baholashning ikkinchi bosqichi davomida kripto-aktivlarni tartibga solish sohasida (FATFning 15-tavsiyasi) yaxshi baholanib “ancha muvofiq” reyting olishga erishilgan. Misol tariqasida, dunyo bo‘yicha mazkur sohani tartibga solish yuzasidan bu kabi reytingga faqatgina 12 ta davlat erishgan. Ular orasida O‘zbekistonning ham borligi quvonarlidir.
– Suhbatimiz yakunida tashkilotning kelgusi rejalari xususida aytib o‘tsangiz.
– Albatta, har bir tashkilot faoliyatida sarhisob va rejalar muhim hisoblanadi. Qolaversa, kripto-aktivlar sohasida texnologiyalarning jadal tarzda rivojlanib va o‘zgarib borayotganligi, sohada yangi faoliyat turlari va munosabatlarning paydo bo‘lishi Agentlik zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Shu bois, Agentlik mutaxassislari oldiga qo‘yiladigan vazifalardan biri, bu – mazkur sohadagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, jumladan, qonunchilik bazasini mustahkamlash va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarni boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish, kripto-aktivlar aylanmasining belgilangan tartibini buzganlik uchun javobgarlikning alohida normalarini belgilash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qabul qilinishini ta’minlash, mayningni ro‘yxatga olish va mayning-pul faoliyatini tartibga soluvchi idoraviy normativ hujjatlarni qabul qilish va ularning ijrosini ta’minlashdir.
Shu bilan birga, Agentlik 2023-2025 yillar davomida milliy kripto-bozor ishtirokchilarining institutsional bazasini kengaytirish, ya’ni xorijiy xizmatlar provayderlarini mamlakatimizga jalb qilish va ularga ko‘maklashish choralarini ko‘rish, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga investitsiyalarni jalb qilish uchun investitsion tokenlarini chiqarish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasi yuzasidan keng targ‘ibot ishlarini olib borishni rejalashtirmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.