«Kriket O‘zbekistonda turizm rivojiga xizmat qiladi, buning uchun hukumat e’tibori zarur», deydi O‘zbekiston Kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev.

Sarlavhadan anglagan bo‘lsangiz, gap kriket sport turi haqida ketyapti. Asli vatani Angliya sanalgan kriket mamlakatimizga kirib kelishi va O‘zbekiston Kriket federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, maqsad - vazifalar xususida O‘zbekiston Kriket federatsiya raisi Aziz Mixliyev bilan suhbatlashganimizda quyidagilarni so‘zlab berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yer kurrasida millionlab insonlarni o‘ziga oshno etgan kriketning rivojlanish bosqichi XVI asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Kriket Janubiy- G‘arbiy Angliyada XVIII asrda, jahon miqyosida 19 va 20 asrlarda keng tarqalgan. Dunyo tarixida ilk xalqaro kriket turniri 1844 yilda, ilk chempionati «Test - Kriket» 1877 yilda bo‘lib o‘tgan.
Ommaviyligi jihatdan futboldan keyingi ikkinchi o‘rinda turuvchi va bugungi kunga kelib jahonning 4 milliarddan ortiq aholisi kriketning ashaddiy muxlislari ekanligi Xalqaro kriket kengashi tomonidan rasman tasdiqlangan. Kriket o‘yinlari xalqaro kriket kengashi tomonidan nazorat qilinadi va boshqariladi.
XKKning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, kriket sakson yoki normandlar tarafidan Angliyaning Veald deb nomlangan hududlarida bolalar tomonidan o‘ynay boshlangan va tarixiy hujjatlarda 1597 yil qayd etilgan. Boshqa ma’lumotlarda esa qirol Edvard II tomonidan 1300 yillarda Vestminster va Nevenden shaharlarida kriket musobaqalari bo‘lib o‘tganligi qayd etilgan.
1744 yilda angliyaliklar tomonidan ilk bor Kriket qonunlari yozilgan va 1774 yilda unga ba’zi o‘zgartirishlar kiritilgan. Melburn kriket klubi Lordlarda 1787 yildan boshlab kriketning qonun va qoidalarini ishlab chiquvchi yagona tashkilot sifatida tan olingan. Kriket 17-asrda Shimoliy Amerika, Hindiston, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Janubiy Afrika davlatlariga kirib borgan. Hozirda kriket ayniqsa, Janubiy Afrika, Hindiston, Pokiston, Shri-Lanka, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Afg‘oniston, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi ko‘plab davlatlarda juda ham mashhurdir.
Xo‘sh, kriket sport turi O‘zbekistonga qay yo‘sinda kirib kelgan?
Hindiston davlatida o‘qib yurgan yillarim kriketga bo‘lgan qiziqish paydo bo‘ldi, shug‘ullandim, mahoratimni oshirdim va hatto oliy o‘quv yurti jamoasida ishtirok etardim. Kriket Hindistonda sportning birinchi raqamli turi hisoblanadi, barcha, o‘quvchidan tortib talabagacha, yoshu-qari qiziqish bilan o‘ynaydi yoki o‘zi sevgan jamoaga ishqibozlik qilishadi. Xullas, o‘sha yillari Hindistondagi talabalik davrimda o‘qishni tugatib yurtga qaytsam, albatta kriket sport turini mamlakatimizda joriy etishga faol xizmat qilish g‘oyasi uyg‘ondi. Vaqti kelib o‘sha orzu, istak, g‘oya amalga oshdi.
2019 yil 15 oktyabrda O‘zbekiston kriket federatsiyasi ta’sis yig‘ilishi o‘tkazildi. O‘sha yilning 29 noyabrida federatsiya Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazildi. Dastlabki qadamlar tashlandi. Tashkiliy jarayonlarda qiyinchiliklarga ham duch kelindi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari federatsiya faoliyatini boshlash uchun yaqin ko‘makchi bo‘lib chiqdi. Avvalo, jamoalarni shakllantirish ishlarini boshlandik. 9 ta o‘smirlar, 6 ta yoshlar, 4 ta xotin - qizlar jamoalarini tashkil qildik. Ushbu jamoalar zarur jihozlar, sport formalari bilan ta’minlandi. Hozirga kelib respublikamizning Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida kriket jamoalari mavjud.
Federatsiya tashkil etilgandan keyin o‘tgan davr davomida yig‘ilgan jamoalar o‘rtasida kriket bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Masalan, 2020 yil 1-3 noyabr kunlari Toshkentdagi «Start» stadionida «Anfa-Toshkent T-20» musobaqasi o‘tkazilib, unda Samarqandning «Afrosiyob» va Qashqadaryoning «Barlos» klublari o‘rtasida bellashuv uyushtirildi. O‘tgan yili 22 dekabr kuni ayollar o‘rtasida ham musobaqa tashkil qildik. Bu - qisqa bir yil ichida kriketga bo‘lgan qiziqish yurtimizda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oshib borayotganidan dalolat edi. Musobaqalarda kriketi rivojlangan xorijiy davlatlar elchixonalari vakillarining ham qiziqish bilan ishqibozlik qilgani kriket federatsiyasi uchun katta mamnuniyat bag‘ishladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi – ushbu sport turi rivojlangan mamlakatlarga nima beradi, qanchalik naf keltiradi, bizning O‘zbekistongachi?
Kriketning vatani bo‘lgan Buyuk Britaniyada, keyinchalik ushbu sport turi tarqalgan Janubiy Afrika, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shri-Lanka, Afg‘oniston, Birlashgan Arab amirliklari va boshqa juda ko‘plab mamlakatlarda kriket nafaqat milliy sport turi sifatida o‘z o‘rnini topdi, balki aholining, ayniqsa, yoshlarning sevimli mashg‘ulot turiga aylandi. O‘zbekistonda kriket sport turi endi tetapoya qilib, rivojlanish yo‘liga o‘tmoqda. Nasib qilsa, Osiyo Kriket kengashi va Xalqaro Kriket kengashi tarkibiga qo‘shilsa, respublikamizda kriket yanada rivoj topadi. O‘ylab ko‘rilsa, kriket bo‘yicha xalqaro musobaqalar yurtimizda o‘tkaziladigan bo‘lsa, mamlakatimizga kriket muxlislari - turistlarning bir necha bor oshishiga olib keladi. Yuzlab, minglab ish o‘rinlari yaratiladi. Bu ayni haqiqat. Boisi, kriket rivojlangan mamlakatlardagi ayni kriket bilan bog‘liq iqtisodiy o‘sish jarayonlari gaplarimizga isbot bo‘la oladi. Mazkur sport turi juda tez rivojlangan Hindiston, Pokiston, Afg‘onistondek aholisi ko‘p davlatlarning kriketchilari ishtirokida bizda katta musobaqalar, turnirlar o‘tkazilsa, o‘sha mamlakatlarning muxlislari chetda tomoshabin bo‘lmasdan, yurtimizga oshiqishi ayon. Endi bu mamlakatimiz uchun qanchalik naf keltirish mumkin, tasavvur qiling, agar O‘zbekistonda kriket sport turi rivojlansa, yangi turistik markazlar, aviatashuvchi kompaniyalar, homiylar va investorlar o‘z-o‘zidan ko‘payib boradi. Bu turizmning rivojlanishiga yanayam hissa qo‘shadi, degani. Bir misol. Keyingi yillarda Birlashgan Arab Amirliklari davlatida ham kriket tobora rivoj topmoqda. Xalqaro Kriket Kengashi va Osiyo Kriket Kengashining mintaqaviy bo‘linmasi Dubay shahrida joylashgan. Sharjada esa jahonga mashhur xalqaro turnirlar bo‘lib o‘tadigan kriket stadioni bor. Ushbu davlatga ham kriket Hindiston, Pokiston, Janubiy Afrika kabi mamlakatlardan kirib borgan. Endi ushbu davlatda kriketning yanayam rivoj topishi va iqtisodiyotiga katta foyda keltirayotgani uchun Janubiy-G‘arbiy Osiyodan kriket muxlislarining tashrifi sonini yanada oshirmoqda. Bizda ham kriket ommalashadigan bo‘lsa, ishbilarmon biznes vakillarining investitsiya kiritishi aniq.
Darvoqe, kriket sport anjomlari, kiyim-kechaklari, ya’ni sport formalarini sotish ham yana bir biznes sanaladi. Hozirda Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Afg‘oniston singari davlatlarda ushbu sport turi rivojlanishi barobarida kriket sport anjomlari, kiyim-kechaklarini ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishgan va bu katta daromad ham keltirmoqda. Yana bir misol, birgina kriket to‘qmog‘i. Ushbu davlatlarda bir dona to‘qmoqning eng sifatsizi qariyb 30 dollar turadi. O‘zimizning mohir hunarmandlar bilan maslahatlashib, kriket to‘qmog‘ining dastlabki nusxasini tayyorlab ko‘rilganda, bizda bor-yo‘g‘i o‘rtacha 78 ming so‘mga tushgan. Endi hisoblab ko‘ring, agar birgina kriket to‘qmog‘i ishlab chiqarishni o‘zimizda yo‘lga qo‘yilsa, shuning o‘zidan qancha daromad topish mumkin bo‘ladi.

Mamlakatimizda kriketning rivojlanishi O‘zbekiston sayyohlik tizimi taraqqiyotiga ham turtki bo‘lishiga hech shubha yo‘q. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 9 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonda ziyorat turizmi doirasida Osiyoning qator davlatlaridan keladigan turistlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar yaratish vazifalari qo‘yilgan.
Bizning mamlakatimizda kriket rivojlansa, albatta, turizm rivojiga turtki beradi. Sababi - yuqorida ta’kidlanganidek, dunyoda kriketning 4 milliarddan ortiq muxlisi bor. Yurtimizda xalqaro musobaqalar o‘tkazilsa, uning teletranslyatsiyasi dunyo bo‘ylab tarqaladi. Deylik, musobaqa uzog‘i bilan 2 soat davom etsa, uning orasidagi 10 daqiqalik tanaffusda, yurtimizning turistik markazlari - Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi me’moriy maskanlari, ulug‘ ajdodlarimiz Al-Beruniy, imom Buxoriy, At-Termiziy, Al-Farg‘oniy kabi ulug‘ allomalarimiz haqida teleroliklar, eng maftunkor turistik maskanlar haqida videolavhalar qo‘yib borilsa, to‘rt milliardlik kriket ishqibozlarining kamida 50 foizi shu o‘yinlarni televideniye orqali kuzatib borsa, qanchadan–qancha muxlislarning O‘zbekistonni ko‘rishga kelish ishtiyoqi ortadi va natijada ular uchun kriket tufayli ajoyib tashrif qog‘ozi bo‘lib xizmat qiladi.
Bu degani, ko‘p sonli turistlar, yangi xizmat ko‘rsatish tuzilmalari - restoranlar, kafelar va boshqa hordiq chiqarish mumkin bo‘lgan ob’ektlarning ochilishiga, kriket sport anjomlari, kiyim-kechaklari fabrikalarining yo‘lga qo‘yilishiga va xullas, katta-katta investorlarning o‘z mablag‘larini yurtimiz sari jalb etishga olib keldi.
Kriket yurtimizda sportning yangi turi hisoblanadi. Yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb etish uchun federatsiya tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada asosan e’tibor yoshlar o‘rtasida seleksiya va targ‘ibot ishlariga qaratilgan. 2021 yilning yanvar oyida federatsiya O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan reyestrga kiritildi. Bu hujjat orqali Bolalar - o‘smirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlarida, qisqacha aytganda, sport-ta’lim muassasalarida kriket sport turini joriy etish, yoshlarimizga bu sport turi bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratish imkoniyatlari yaratildi. Yaqinda shu maqsad yo‘lida federatsiya O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati bilan uchrashib, mazkur oliy ta’lim dargohida kriket kafedrasini ochish, talaba-yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini keng rivojlantirish masalalari bo‘yicha «yo‘l xaritasi» rejalashtirildi.
2020 yilning noyabr-dekabr oylarida Angliyadan mohir murabbiy, o‘z davrida Afg‘oniston terma jamoasi murabbiysi bo‘lgan Endi Moles taklif etilib, 30ga yaqin krekit bo‘yicha murabbiylarga mahorat darslarini o‘tab berdi. Tajribaga ega bo‘lgan murabbiylar hozirga kelib Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida U-13, U-17, U-19 yoshli jamoalarni shakllantirish yo‘lida ish olib bormoqdalar. Pandemiya tufayli ish-rejalarimizni ozgina ortga surishga majbur bo‘ldik. 2021 yilning boshidan olib borgan sa’y-harakatlar tufayli 500 dan ziyod yoshlarimiz kriket sport turi bilan muntazam shug‘ullanishga qiziqish bildirishgan.
O‘zbekiston kriket federatsiyasi halqaro hamkorlik aloqlarini ham yo‘lga qo‘ygan. Rossiyaning «Rossiya kriket» jamoasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. O‘zaro tajriba almashish, dasturlar va ma’lumotlar almashinuvini nazarda tutuvchi mazkur hujjat bo‘yicha Rossiya kriket kengashi prezidenti Sergey Tretyak bilan kelishuvga erishilgan. Yana Turkiya va Tojikiston kriket federatsiyasi bilan hamda Hindiston va Pokiston davlatlarining elchixonalari bilan ham hamkorlik bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar imzolangan.
O‘tgan yili O‘KF raisi sifatida BAAning Dubay shahrida Xalqaro Kriket Kengashi (ICC) va Osiyo Kriket kengashi (ACC) rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazib qaytdik. Unda O‘zbekiston kriket federatsiyasining xalqaro (ICC) va Osiyo kriket kengashiga (ACC) a’zo etib qabul qilinishi masalasi muhokama qilindi. Ularning mamlakatimizda kriket sport turini tezroq rivojlanish bosqichiga o‘tishiga juda ham xayrixoh ekanliklarini bildirishgan. Bilsangiz, jahonga dovrug‘i ketgan, mashhur «Sharja» kriket stadioni bor. Federatsiya raisi o‘sha stadion rahbariyati bilan uchrashganida ular mahalliy jamoalarimiz ishtirokida bo‘ladimi, terma jamoamizmi, to‘rtta o‘yinni tekinga o‘tkazib berish uchun taklifini berishgan. Hatto, sportchilarimizni mehmonxonlar va ovqatlanish bilan bog‘liq xarajatlarini ham bo‘yniga olishgan. Faqat borib kelish xarajatlarini amalga oshirilsa kifoya. Endi o‘ylab ko‘ring, Sharja kriket dunyosining «gollivud» shahri desak ham bo‘ladi. Ularda Yangi O‘zbekistonning bugungi rahbariyati olib borayotgan islohotlarga havas bilan qarashadi, shu jumladan, sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham yuqori baho berishadi. Bu bizdagi kriketning yanada rivojlanishiga hissa qo‘shishi haqiqat. O‘zaro kelishuvga muvofiq, joriy yilda Osiyo kriket kengashi rasmiylari O‘zbekistonga tashrif buyurib, O‘KF faoliyatining ilk natijalari bilan tanishib, o‘z xulosalarini xalqaro kengash rahbariyatiga taqdim etishi rejalashtirishgan. Ishonch bilan aytishim mumkinki, tez orada O‘zbekiston Kriket federatsiyasi ham OKKning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tadi. Keyingi qadam esa Xalqaro Kriket kengashiga a’zo bo‘lishdan iborat.

Biroq, xalqaro va Osiyo kriket kengashiga kirishimiz uchun federatsiya muammolar girdobida. Muammolar shundan iboratki, O‘KF hisobida kamida 2ta stadion va bitta kriket akademiyasi tashkil etilganlik talabi qo‘yilgan. Bizda esa bu stadionlar yo‘q. Mutasaddi tashkilotlarga iltimosnoma xatlar bilan murojaat qilganmiz, ammo haligacha biror ijobiy javob olinmagan. Axir, respublikamizda bo‘sh turgan va ta’mirga muhtoj stadionlar bo‘lsa kerakku. Kriket o‘ynash uchun federatsiya tarkibiga alohida stadion ajratilishi zarur. Chunki, kriket stadioni hajmi odatdagi futbol maydonidan 1,5 barobar keng joy talab etiladi. Hozir federatsiya u yoki bu stadionni ijaraga olib, musobaqa tashkil etishga majbur bo‘layapti. Shuningdek, Kriket sport turi mamlakatimizda yangi jamoaviy sport turi bo‘lganligi uchun yoshlar orasida keng ommalashishida, klublarning, jamoalarning shakllanishida va qator vazifalar bajarilishida Hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashiga muhtojmiz. Bundan tashqari faoliyatimizga hali ko‘p bo‘lmagan (2019 yilda tashkil topgan) federatsiya oldida yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Kriket anjomlarini yurtimizga olib kirishda bojxona to‘lovlari, chet-eldan mutaxassislarni taklif etishda viza muammolari mavjud. Stadionlardan foydalanishdagi to‘lovlarning federatsiya uchun juda ham ortiqcha xarajatlarga olib kelishi.
Federatsiyaning maqsadi – faqat kriket sport turini rivojlantirish, aslo tijorat maqsadlarni ko‘zlamagan. Davlatimiz tomonidan bir qancha sport turlarini rivojlantirish uchun hukumat karorlari ishlab chikilmoqda. O‘KF kengashi a’zolari, sportchi-yoshlari ham davlatimiz tomonidan shu kabi masalalarda qo‘llab-quvvatlashlarini iltimos qilishadi.
Har bir sport turi bo‘yicha federatsiyalarning oldiga qo‘ygan maqsadlari bo‘lgani kabi Kriket federatsiyasining ham orzu–maqsadlari ulkan. O‘z stadionlariga, mashg‘ulot ba’zalariga ega bo‘lib, kriket orqali aholining, ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirish va kriketning ommaviyligini ta’minlash, iqtidorli o‘g‘il-qizlarni kriket orqali katta sportga jalb etib, terma jamoalarni shakllantirish, xalqaro sport maydonlarida kriket orqali yurt sha’nini ulug‘lash bo‘ladi. Zero, mamlakatimizda, Yangi O‘zbekistonimizning gullab - yashnashi yo‘lida imkoniyat eshiklari Prezidentimiz rahnamoligida baralla ochiq!
Oybek YUNUSOV,
Ilhom RAHMONOV.
O‘zA