Farg‘onada kredit mablag‘lari hisobiga olingan qoramollarni go‘shtga topshirib, ular kasalligi uchun nobud bo‘lgani bo‘yicha soxta ma’lumotlar tayyorlaganlarning qilmishi fosh bo‘ldi.
“Mikrokreditbank” ATB Qo‘qon filiali tomonidan O‘zbekiston tumanidagi “M” dehqon fermer xo‘jaligiga 2020 yilda chorvachilikni rivojlantirish va naslli qoramollar sotib olish uchun 15 milliard 623,3 million so‘m uzoq muddatli kredit mablag‘lari ajratilgan. Mazkur kredit mablag‘lari hisobidan 95 bosh naslli sigir va Avstriya davlatidan 408 bosh qoramollar sotib olingan. Bank xodimlari tomonidan monitoring tekshirish o‘tkazilganda 207 bosh qoramol kasallik tufayli nobud bo‘lgani, 297 boshi esa so‘yilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshirish harakatlarida tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i N.A hamda dehqon fermer xo‘jaligi boshlig‘i A.Tlar hujjatlarni qalbakilashtirganligi ma’lum bo‘ldi. Ular tomonidan asossiz ravishda yirik shoxli qoramollardan 131 boshi kasallik tufayli so‘yilgani, 76 bosh buzoq esa kasalligi uchun nobud bo‘lgani haqida soxta ma’lumotlar to‘ldirilib, dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
Hozir holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri