Kreditga oid moliyaviy xatarlar to‘g‘risida aholi va tadbirkorlarning xabardorligi oshiriladi
Senat yalpi majlisida “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Keyingi yillarda respublikamizda sug‘urta xizmatlari va kredit-moliya masalalari bo‘yicha iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi, shu jumladan tadbirkorlar uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, aholining, shu jumladan tadbirkorlarning sug‘urtaga oid savodxonligini mustahkamlash uchun ommaviy axborot vositalari orqali keng qamrovli targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish, kredit mahsulotlari reklamasida o‘z to‘lov qobiliyatini to‘g‘ri baholay olmaslik va qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi to‘g‘risida iste’molchilar uchun ogohlantirish berilishini ta’minlash zarurati ham yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan sug‘urta savodxonligini oshirishga qaratilgan axborot ham ijtimoiy axborot tarkibiga kirishi nazarda tutilmoqda.
Sohalardagi vakolatli organlar ham ijtimoiy axborotning reklama beruvchilari jumlasiga kiritilib, moliyaviy xizmatlar reklamasida mazkur xizmatlardan foydalanish va qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish mavjud bo‘lishi kerakligini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun aholida sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonch darajasini oshirishga hamda kredit bilan bog‘liq moliyaviy xatarlar to‘g‘risida aholining, shu jumladan, tadbirkorlarning xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA