Atrofga nazar solsangiz inson ijodkorligining beqiyos va hayratlanarli namunalariga duch kelasiz: elektron xizmatlar, virtual olam, internet va shu kabilar. Bularning barchasi inson tafakkuri mahsulidir. Mana shunday ijodiy tafakkurni shakllantirish ta’lim-tarbiya jarayonidan boshlanadi.
Xo‘sh, o‘quvchini qanday ijodiy fikrlashga o‘rgatish mumkin? O‘quvchilarni erkin fikrlashga o‘rgatish, darslarni yangi texnologiya va metodlar orqali o‘tish o‘quvchida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish bilan birga ulardagi ijodiylik, yaratuvchanlik qobiliyatini ham shakllantirishga xizmat qiladi.
Kreativlik — shaxsning muammoli vaziyatlardan tafakkuri orqali, takrorlanmas yo‘l bilan chiqib ketish, unga ijodiylik bilan yondasha olish qobiliyati hisoblanadi.
Kreativlik tushunchasi (lot., ing. «create» – yaratish, «creative» yaratuvchi, ijodkor) ingliz tilidan tarjima qilganda ijod ma’nosini anglatadi. Haqiqattan esa yangi, original (o‘ziga xos) yanada sayqallangan moddiy va ma’naviy bog‘liqliklarni yaratishdir. Kreativlikni ijodga intilish, hayotga ijodiy yondashish, o‘ziga doimiy tanqidiy nazar solish va tahlil etish deyish mumkin. Hozirgi zamon psixologiya va pedagogika lug‘atlariga asoslanib o‘qituvchining kreativligiga uning fikridagi, muloqotdagi, alohida faoliyat turidagi ijodiy yondashish, bilish darajasi deb ta’rif berish mumkin.
Uning zamirida originallik, amaliylik, noodatiylik va erkinlik yotadi. Shuningdek, kreativ fikrlash bir narsaga turli tomondan yondashishni anglatadi. Har qanday inson tug‘ilganda kreativ qobiliyat bilan dunyoga keladi. Uni qaysi yo‘lga yo‘naltirish va rivojlantirish o‘qituvchi zimmasiga yuklatiladi. Demak, maktabda ta’limning barcha turlarida o‘quvchilarning kreativ qobiliyatini rivojlantirishga e’tibor qaratish barkamol avlodni tarbiyalashning tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.
Kreativ tafakkur barcha faoliyat turlariga tegishli. Bundan lingvistik kreativlik ham mavjud bo‘lib, bu tilning turli sath birliklaridan foydangan holda obrazli fikrlash, ma’lum tafakkur mahsuli bo‘lmish tushuncha yarata olish imkoniyatidir. Tilda tushunchani turli shaklda ifodalash imkoniyati mavjud.
Bunda o‘quvchi qaysi usulni va qolipni tanlashi, qanday yo‘l bilan ifodalashi, albatta, unda kreativ kompetensiyaga qanchalik egaligiga ko‘ra belgilanadi. Tomas Edison “Kreativlik – g‘ayriixtiyoriy jarayon”, – deydi. Kreativlik shaxs ega bo‘lgan bilimning ko‘pqirrali ekanida emas, balki yangi g‘oyalarga intilish, hayotiy muammolaarni yechishda noodatiy yondasha olish, kutilmagan qarorlar chiqara olishda namoyon bo‘ladi.
Kreativ fikrlovchi insonlar biron bir manzarani o‘zgacharoq tasavvur etadi, hech kim ilg‘amagan jihatlarni payqay oladi. Mana shunday kreativ tafakkurni rivojlantirish tashkil etilgan darsning qaysi metod va usullardan foydalanganlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Bunda esa interfaol usullar yaqindan yordan beradi. Interfaol ta’lim turlaridan biri – kreativ ta’limdir.
Kreativ usulda o‘tilgan mavzuni o‘quvchi to‘liq o‘zlashtirishi bilan birga, ijodkorlik qobiliyatini ham rivojlantiradi. Agar o‘quvchida she’r yozishga moyillik bo‘lsa, u ijodiy matnni she’r orqali ham ifodalash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ko‘rib turganimizdek, bu kabi metodlar o‘quvchida tezkorlik, shu bilan birga, kreativ kompetensiyani shakllanishida ham muhim rol o‘ynaydi. Agar bunday usullardan ko‘proq foydalanilsa, har qanday o‘quvchi darsga qiziqadi, shu bilan birga kreativ qobiliyatga ham ega bo‘ladi.
Ona tilini o‘qitishga kompetensiyaviy yondashuv yoshlarni til haqidagi bilimini oshirish barobarida muammoli vaziyatlarda bu bilimlardan o‘rinli va maqsadli foydalana olish qobiliyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuning uchun o‘qituvchidan o‘z fani yuzasidan chuqur bilimga ega bo‘lish bilan birga, ta’limdagi samarali metod va usullardan ham xabardorlikni talab etadi. Chunki kelajakdagi yangi innovatsiyalar va ixtirolarning barchasi aynan kreativ kompetensiya orqali vujudga keladi.
Dildora G‘afforova,
Buxoro shahri 28-umumta’lim maktabi
Ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi