O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi bayrami arafasida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli Buxoro viloyati Shofirkon o‘quv- ishlab chiqarish korxonasi yangi loyiha asosida qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.
O‘tgan asrning 80-yillarida ish boshlagan Shofirkon o‘quv -ishlab chiqarish korxonasi ko‘rimsiz holga kelib qolgandi. Bu yerda ishlayotgan o‘nga yaqin ishchi-xodimga munosib mehnat sharoiti ham ta’minlanmagan edi.
O‘tgan 2023 yilda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyat bo‘limining “Ezgulik ramzi” ijtimoiy loyihasi hamda Shofirkon tuman hokimligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida tumandagi ko‘rishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy va mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida bu yerdagi mavjud bino-inshootlarni rekonstruksiya qilishga kirishildi.
Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 1 milliard 400 million so‘m miqdorida davlat subsidiya mablag‘i ajratildi.
Loyiha doirasidagi ishlar o‘z nihoyasiga yetdi. Natijada “O'rikzor Ipak yo'li tesktil” MCHJ qurilish tashkiloti tomonidan 225 metr kvadratdan iborat ishlab chiqarish sexi, 200 metr kvadratdan iborat ikki qavatli ma’muriy bino yangilandi. Ma’naviyat zali va savdo do‘koni uchun mo‘ljallangan ob’ekt qurildi. Yana ikkita ishlab chiqarish sexi rekonstruksiya qilindi. E’tiborli tomoni, umumiy hisobda 25 nafar ishchi-xodimga zamonaviy mehnat sharoiti hozirlandi.
– Mazkur davlat subsidiya mablag‘i asosida Shofirkon tumanidagi 360 nafar ko‘zi ojiz fuqaroning ijtimoiy, iqtisodiy ahvoli yaxshilandi, –deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Jalil Rahmatov. –Ularning bandligini ta’minlash, qulay shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarishni rivojlantirishni maqsad qilgan edik. Mustaqilligimizning 33 yilligi oldidan mana shu maqsadimizga erishdik. Loyiha doirasida tumandagi ko‘zi ojizlar qo‘llab-quvvatlanib, ularning oilalarida moddiy-ma’naviy farovonlik oshmoqda. Jamiyatning ishlab chiqarish, ma’muriy binolari yangilandi. Yer maydonlari obodonlashtirildi. Jamiyatimiz a’zolari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yildi. Yangi ish o‘rinlari yaratildi.
[gallery-18960]
Mazkur korxona imkoniyati cheklangan, ayniqsa, ko‘rishda nuqsoni bor shaxslarning bandligini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida yanada faol bo‘lishi uchun juda muhim ob’ektga aylandi.
Tantanali tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abira Huseynova, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati raisining o‘rinbosari Abdurahmon Abdullayev qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari