Ko‘z mikroxirurgiyasining dolzarb muammolari hal etilmoqda
Yurtimizda oftalmologlarning birinchi xalqaro kongressi bo‘lib o‘tmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan “Ko‘z mikroxirurgiyasining dolzarb muammolari” mavzuida tashkil qilingan tadbir onlayn va oflayn formatda o‘tkazilmoqda.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, anjumanda ishtirok etish uchun ming nafardan ziyod oftalmolog onlayn ro‘yxatdan o‘tgan, shuningdek, yurtimizning 150 nafardan ziyod oftalmologi – tibbiyot oliy ta’lim muassasalari oftalmologiya kafedralari mudirlari, professor olimlari, oftalmologik shifoxonalar, xususiy klinikalar rahbarlari, hududlarning bosh oftalmologlari taklif qilingan.
Anjuman mazmunli va to‘laqonli o‘tishi uchun dasturda oftalmologiyaning deyarli barcha yo‘nalishlaridagi dolzarb muammolar, keng tarqalgan ko‘z kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari bilan bog‘liq mavzular qamrab olingan. Bu esa ishtirokchilarning yanada chuqurroq tajriba almashish va malakasini oshirish imkonini yaratadi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, yurtimizda tibbiyotga, xususan, oftalmologiya yo‘nalishiga katta e’tibor qaratilayotgani sababli hozir Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha zamonaviy yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, birgina 2018-2020 yillarda 139 ta shunday uskuna bilan ta’minlandi.

– Markaz oftalmologiya sohasi bo‘yicha mamlakatimiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordamni tashkil etishni muvofiqlashtiruvchi va uslubiy muassasa hisoblanadi. Respublikada jami 49 turdagi oftalmologik kasalliklarni davolash bo‘yicha 172 turda tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov. – Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 150 qatnovga mo‘ljallangan konsultativ-diagnostik poliklinika, 50 o‘rinli statsionar, kuniga 50-60 ta operatsiya bajarish imkonini beradigan 8 ta avtomatik jarrohlik stoli bir vaqtda ishlaydigan jarrohlik bloki mavjud.
Markazning investitsiya dasturi doirasida qurib bitkazilgan 50 o‘ringa mo‘ljallangan statsionar binosi, jarrohlik bo‘limi to‘liq ishga tushiriladigan bo‘lsa, qo‘shimcha yana 40 ta statsionar o‘rin va 1 ta jarrohlik bloki qo‘shiladi. Buning natijasida bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish qamrovi yanada kengayishiga erishiladi.
Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari katarakta va glaukoma jarrohligi, rekonstruktiv jarrohlik, shox parda jarrohligi, lazer jarrohligi, bolalar ko‘zining mikroxirurgiyasi, plastik jarrohlik, bolalar ko‘zlarini zamonaviy maxsus kompyuter dasturlari asosida davolash, shuningdek, individual ko‘z protezlarini yasash va qo‘yishdan iborat.
Katarakta kasalligida fakoemulsifikatsiya usulini qo‘llab, turli sun’iy gavharlar, shuningdek, multifokal, ya’ni uzoq va yaqinni ko‘zoynaksiz ko‘rish imkonini beradigan sun’iy gavhar implantatsiyasi amalga oshirilmoqda. Har yili 3,5 mingdan ortiq shunday jarrohlik bajarilmoqda.
Markaz kasallangan shox pardani tiniq donor shox pardaga almashtirish jarrohlik amaliyotini amalga oshiradigan yagona ko‘z klinikasidir. Donor AQSHning Florida shtati, Tampa shahridagi “Lions Eye Institute for Transplant and Research” nomli ko‘z bankidan keltiriladi. Har yili 40 ga yaqin og‘ir shox parda kasalliklarida uni ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti bajariladi. Bu texnologiyalarni tatbiq etishdan avval bunday bemorlar ko‘rlikka, nogironlikka mahkum yoki katta mablag‘ sarflab, horijga borib davolanishga majbur bo‘lar edi.
Glaukoma kasalligi bo‘yicha esa markazda yiliga 700 ga yaqin jarrohlik amaliyoti zamonaviy texnologiyalar asosida bajarilib, uning 45 foizi lazer usullari bilan amalga oshiriladi.
Lazer jarrohligi bo‘limida yiliga diabetik retinopatiya, glaukoma, ko‘zning old va orqa qismlarida 2000 dan ziyod jarrohlik amaliyoti bajarilmoqda. Har yili 800 dan ortiq optiko-rekonstruktiv jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan “ISUZU” rusumidagi avtobus negizida 13 ta mobil poliklinika tashkil etilgan bo‘lib, ular 5 xil zamonaviy oftalmologik uskunalar bilan jihozlandi. Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan reja asosida haftada bir-uch marta ehtiyojga qarab, reja asosida mahalliy mutaxassislar shahar va tumanlarga, ishlab chiqarish korxonalariga chiqib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
2019-2020 yillar davomida RIKMIATM xodimlarining joylarga chiqqan holda mahorat darslari, tibbiy ko‘riklar va murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishi natijasida hududlardan markazga murojaatlar soni 20 foizgacha kamaygan.
Hozirda yurtimizning 7 ta hududi (Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi)da markazning filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchasi yuqori texnologik uskunalar bilan ta’minlangan. O‘tgan davr mobaynida markazning Xorazm, Termiz filiallarida fakoemulsifikatsiya, lazer jarrohliklarini davolash usullari, optik kogerent tomografiya, ultratovushli biomikroskopiya diagnostika usullari keng joriy qilindi.
Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Qarshi, Buxoro va Farg‘ona filiallarida ham fakoemulsifikatsiya, lazer jarrohliklari davolash usullari, optik kogerent tomografiya diagnostika usuli, vitreoretinal, lazer jarrohliklari davolash usullari amaliyotga tatbiq etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA