KOVRAKNING BEBAHO XUSUSIYaTI: u jenshendan ustunmi?
Kovrak (Ferula) turkumi vakillari ziradoshlar oilasiga mansub o‘simlik bo‘lib, uning yer yuzida 170 dan ziyod turlari mavjud.
Kovrak (Ferula) turkumi vakillari ziradoshlar oilasiga mansub o‘simlik bo‘lib, uning yer yuzida 170 dan ziyod turlari mavjud. O‘rta Osiyoda 110 dan ortiq, mamlakatimizda esa 50 ta turi uchraydi. Smola-yelim olish uchun asosan 10 turi ishlatiladi. Bular sassiq kovrak, Ko‘histon kovragi va boshqa nomdagi kovraklardir. Bu turlar tashqi marfologik jihatdan bir-birlariga juda ham o‘xshab ketadi, ammo tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida L.) keng tarqalgan bo‘lib, yelim-smola asosan shu turdan olinadi.
Kovrak o‘simligi bir qarashda kishida keraksiz, yovvoyi o‘simlik sifatida taassurot qoldiradi. Uni barchamiz yo‘lda, cho‘lda ko‘p uchratganmiz. Ammo uning shifobaxsh xususiyatlarini hammamiz ham bilavermaymiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga tashriflaridan birida kovrak yetishtiruvchilar assotsiatsiyasini tuzish taklifini o‘rtaga tashlagan edilar. Darhaqiqat, yurtimizda kovrak dorivor o‘simligini tabiiy ravishda keng tarqalganligi va qo‘shimcha suniy ekib ko‘paytirish imkoniyatlarining mavjudligini inobatga olib, keng istiqbolli rejalarni nazarda tutgan edilar.
Topshiriqqa asosan kovrak dorivor o‘simligi maydonlarini kengaytirish, plantatsiyalar tashkil qilish, ularni qayta ishlashni rivojlantirish borasida ham ulkan ishlar boshlab yuborildi.
Kovrakning foydali xususiyatlari bizga avvaldan ma’lum bo‘lgan bo‘lib, Abu Ali ibn Sino, Beruniy kabi allomalarimiz adabiyotlarida turli kasalliklarni davolashda undan tayyorlangan dori vositalari va parhez taomlarni qo‘llash tavsiya qilingan.
Kovrak turkumiga mansub turlar respublikamizning qumli cho‘llar, adirlar, tog‘lar va tog‘oldi yalangliklarda, sof tuproqli yerlarda o‘sadi. Uning Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasi hududlarida o‘sadigan turlari dorivorligi yuqori sanaladi. Kovrak Qozog‘iston, Tojikiston, Eron, Afg‘oniston, Pokiston hamda Hindistonda ham keng tarqalgan.
Hududimizda bu o‘simlik mart-aprel oylarida gullaydi, mevasi aprel-mayda pishib yetiladi. O‘simlik ko‘p yillik hisoblanadi, yer ustki qismlari o‘sish muhiti va ob-havo sharoitiga qarab 1,5-2 oy yashaydi. Kovrakning bo‘yi 1,5-2 metrgacha, ildizi yo‘g‘on 15-20 sm.gacha yetadi, lavlagisimon chuqur joylashgan. Bahor mavsumida hali to‘liq yetilmagan ildizidan mahalliy aholi tomonidan ko‘k somsa, bichak kabi taomlar tayyorlanadi.
Odatda dorivor mahsulotlar sifatida ildizi, bargi, po‘stlog‘i, guli, mevasi va boshqa qismlaridan tayyorlanadigan shirasi, kukuni, nastoykasi, emulsiyasi va tabletka shaklida foydalaniladi. Asosan yelimi-ildizidan olinadigan smolasi-shirasi tibbiyotda keng ishlatiladi.
Yuqorida yozilganidek, smola-yelim olish uchun asosan 10 turi ishlatiladi, bular sassiq kovrak, rova, kuhiston kovragi va boshqa nomdagi kovraklar hisoblanadi. Tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida) keng tarqalgan bo‘lib, respublikamizda tayyorlanib, iste’molchilarga yetkazib berilayotgan smola-yelim asosan shu turdan olinadi.
Shifobaxsh xususiyatlari ko‘pligi sababli tibbiy maqsadlarda keng qo‘llaniladi. Oshqozon-ichak yo‘lini shlaklar va gijjalardan tozalashdan tashqari, boshqa kasalliklarni davolashda juda foydali hisoblanadi. Angina, bronxit va nafas a’zolari shamollashi bilan kechuvchi boshqa kasalliklarni misol tariqasida keltirish mumkin. Eritmasi bilan og‘iz chayish uchun antiseptik va og‘riq qoldiruvchi xususiyati borligi uchun nafas yo‘llarini mikroblardan tozalash hamda og‘izdan yoqimsiz xid kelishini yo‘qotsa, oz miqdorda ichish bilan ovoz bo‘g‘ilishiga davo bo‘ladi.
Ko‘z kasalliklarida kataraktani boshlang‘ich bosqichlarini samarali davolash, zaharli hasharotlar chaqqanda esa zaharli ta’sirini kamaytirishda qo‘llash mumkin.
Buyrakdan tosh tushirish, psoriaz, ekzema, terini tozalash, jigarni tozalash va kasalliklarni davolash xususiyati Ibn Sino adabiyotlarida alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Asab tizimidagi buzilishlar va tutqanoqni davolashda juda samarali ekanligi, tish og‘rig‘i, mushak bo‘g‘imdagi og‘riqlar, artrit, osteoxondrozda juda yaxshi natija berishi ma’lum. Sharq tabobatida mastopatiya, bepushtlik, jinsiy ojizlikni davolashda ishlatilgan. Zamonaviy tibbiyotda qator onkologik kasalliklar, bachadon miomasi, prostata bezi adenomasida ijobiy natijalar qayd etilayotgani bayon qilinmoqda.
Kovrak o‘simligi tomir tortishi, o‘pka sili, o‘lat, zaxm, ko‘k yo‘tal kabi boshqa xastaliklarni davolovchi dorivor o‘simlik hisoblanishi bilan birga insonga quvvat beruvchi, energetik balansni va tonusni tiklovchi vosita ham hisoblandi.
Yana bir muhim jihati bahor faslidagi et uzildi davrida turli foydali vitaminlar, mikroelementlar o‘rnini to‘ldirish bilan organizmni to‘planib qolgan zararli shlaklardan, xiltlardan tozalaydi, ruhiy tetiklik beradi.
Ana shular bois tajribali tabiblar, shifokorlar kovrakni hayotbaxsh jenshendan ustun hisoblashgan.
Bulardan tashqari, Sharq mamlakatlaridan Eron, Pokiston, Hindiston va Afg‘onistonda kovrak yelimi va ildizi kulinariyada ziravor sifatida, kosmetika sanoatida attorlik vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Xitoy, Hindiston va boshqa Osiy davlatlarida kovrak mahsulotlaridan taom tayyorlashda keng qo‘llaniladi. Kovrak smola yelimidan olingan kukuni ziravor sifatida, piyoz va sarimsoq o‘rnini bosuvchi sifatida taomga qo‘shiladi. Ovqat hazm qilishni kuchaytirishi sababli, hind xalqida kovrak qo‘shilsa, oshqozon mixni ham hazm qilib yuboradi, degan mashhur ibora yuradi. Hazm bo‘lishi qiyin bo‘lgan taomlarni tayyorlashda taomga albatta qo‘shiladi. Ishtahani ochish bilan birga dam hosil bo‘lish, kekirishni xam yo‘qotadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, kovrak o‘simligini shifobaxsh dorivor o‘simlik sifatidagi xususiyatlarini xalqimizga keng yetkazishimiz zarur. Bundan tashqari, xalq tabobati sohasida mutaxassislar bilan bir qatorda shifoxonalarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan vrachlarimiz davolash amaliyotida keng qo‘llashlari juda muhim hisoblanadi.
Kovrak o‘simligining shifobaxshligidan farmasevtika sanoatida unga talab ortib bormoqda, dunyo bozorida ham bu mahsulot xaridorgirligi yuqoriligicha qolmoqda.
Shundan kelib chiqib viloyatimizda kovrak yetishtirish uchun kulay iqlim sharoiti mavjudligi, kam sarfli ekinligi bois plantatsiyalar tashkil qilib, mavjudlarini yanada kengaytirish alohida ahamiyatga egadir.
Tabiiy hududlarda o‘suvchi kovrakni esa asrab- avaylash, yo‘qolishiga olib keluvchi har qanday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik ham dolzarb masaladir. Eng muhimi, kovrak yetishtirish, qayta ishlash serdaromad bo‘lib, uni rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi iqtisodiyotimizga ijobiy samara beradi.