Kosonsoyda IV Xalqaro motokross chempionati o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
65-xalqaro Gullar festivali doirasida Kosonsoy tumanida motosport bo‘yicha “Namangan viloyati hokimi kubogi” uchun IV Xalqaro motokross chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa Namangan viloyati va Kosonsoy tumani hokimliklari hamda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Musobaqada O‘zbekistonning turli hududlari, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan 100 nafarga yaqin sportchi ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahslashdi.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, ayniqsa, Kosonsoy tumanining boy tabiiy salohiyatidan samarali foydalanish va tog‘ turizmini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Chempionat davomida ishtirokchilar turli toifalar bo‘yicha murakkab trassalarda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazib, tomoshabinlarga qiziqarli va murosasiz bahslarni taqdim etdi.
[gallery-29717]
Taqdirlash marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi A. A’loxo‘jayev keyingi yillarda mamlakatimizda motokross sportini rivojlantirish va ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, bunday xalqaro musobaqalar sportchilar mahoratini oshirish, yoshlarni texnik sport turlariga keng jalb etish hamda mamlakatimiz motosporti nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, kubok hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA