Dehqonchilikning “tili”ni bilgan kishi har qanday sharoitda mo‘l hosil va yaxshigina daromad olishni eplaydi. Buni yaxshi anglagan Qashqadaryo viloyati Koson tumani ishbilarmonlari bugungi kunda iste’mol uchun yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorin yetishtirib, mo‘maygina daromad topmoqda.
Tumandagi Hamkorlik mahallasida faoliyat olib borayotgan “Oltin agro hosil mahsulotlari” MCHJ tomonidan yetishtirilgan qo‘ziqorinlar hozir respublikamizning turli hududlarida xaridorgir.


Bundan ikki yil oldin mahallada bo‘sh turgan eski qarovsiz binoning yerto‘la qismi tadbirkorga ajratib berildi. Hozir bu yerda 4 kishi doimiy, 30 kishi mavsumiy ish bilan band.
– Biz hozir qo‘ziqorinning “veshenka” navini yetishtiryapmiz, – deydi MCHJda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchilardan biri G‘ulom Berdiyev. – Bu nav juda foydali va oqsilga boy. Xaridorlari ham ko‘p. Bu nav 28 kunda hosilga kirib, bir oyda to‘liq pishib yetiladi. Bitta ikki kilogramm sheluxa solingan qopga joylangan urug‘lar 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Jizzax, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib beryapmiz. Bir yilda 10 tonnaga yaqin hosil olyapmiz. Afzallik tomoni, uni yil davomida yetishtirib, daromad olsa bo‘ladi, mavsum tanlamaydi
Ma’lumot uchun: “veshenka” navli qo‘ziqorinning bir kilogrami ichki bozorda 25-30 ming so‘mdan sotilmoqda.



O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri