Kosonda gaz ta’minotini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar davom etmoqda
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bu borada Prezident raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, gaz ta’minoti tizimini barqarorlashtirish, tarmoqlarni yangilash, yo‘qotishlarni kamaytirish va raqamlashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar “Yangiyo‘l” tajribasi asosida amaliyotga tatbiq etilmoqda.

“Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan tumanda gaz tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi. Xususan, 18 kilometrdan ortiq gaz quvuri rekonstruksiya qilinib, 2 ta gaz taqsimlash qurilmasida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, tarmoqlarning texnik holatini aniqlash maqsadida 5,9 kilometr gaz quvuri sinovdan o‘tkazilib, 12,4 kilometr yer osti tarmog‘i tekshirildi.

Ta’minot sifatini yaxshilash maqsadida iste’molchilarga zamonaviy uskunalar o‘rnatish ishlari ham olib borilmoqda. Ayni paytga qadar 292 ta regulyator va 636 ta zamonaviy gaz jihozi o‘rnatildi, 229 ta hisoblagichning aloqasi tiklandi. Bu choralar gaz iste’molini hisobga olish, tarmoqdagi bosimni me’yorda ushlab turish va aholiga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, masalaning texnik tomoni bilan bir qatorda, iste’molchilar bilan ishlashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Tumanda 20 ta ishchi guruh tashkil etilib, ular mahallalarda aholi bilan bevosita muloqot qilmoqda. Ularda tabiiy gaz uchun hisob-kitoblar, to‘lov intizomi, mavjud murojaatlar va qarzdorliklarni bartaraf etish masalalari o‘rganilmoqda.

– Asosiy e’tiborimiz gaz ta’minotidagi mavjud muammolarni mahallabay aniqlash va ularni joyida bartaraf etishga qaratilgan, – deydi “Kosontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Yorqin Yodgorov. – Tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, gaz taqsimlash qurilmalarini ta’mirlash, zamonaviy regulyator va jihozlar o‘rnatish bilan birga, har bir xonadonda iste’molchilarning murojaatlarini o‘rganyapmiz. Bu orqali nafaqat ta’minot barqarorligini ta’minlash, balki aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini ham oshirishni maqsad qilganmiz.

Muhimi, xonadonlarda aniqlangan muammolarni faqat qayd etish bilan cheklanilmayapti. Hisoblagichlarning ishlashi, gaz tarmoqlarining holati va iste’mol bilan bog‘liq masalalar joyida o‘rganilib, imkoni boricha shu yerning o‘zida yechim topilmoqda. Qarzdorliklarni bosqichma-bosqich kamaytirish va aholiga to‘lovlarni amalga oshirishning qulay imkoniyatlarini tushuntirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Mahallabay yondashuvning ahamiyati shundaki, gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar har bir hudud va iste’molchi kesimida aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ham manzilli belgilanmoqda. Bu esa bir tomondan tarmoqlarning texnik barqarorligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan iste’molchilar bilan ochiq va samarali muloqotni kuchaytiradi.

Koson tumanida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida gaz ta’minoti infratuzilmasi bosqichma-bosqich yangilanib, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati oshirilmoqda. Asosiy maqsad esa iste’molchini qiynayotgan muammoni joyida aniqlash, uning yechimini tezkor topish va barqaror gaz ta’minotini ta’minlash.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri