Kosmosdan nazorat: suv xavfsizligini ta’minlashning yangi imkoniyatlari
Suv omborining haqiqiy hajmini qanday aniqlash mumkin? Uning tubida yillar davomida qancha loyqa to‘plangan? To‘g‘onning texnik holati qay darajada barqaror? Bugun bu kabi savollarga faqatgina an’anaviy kuzatuvlar bilan emas, balki kosmik texnologiyalar yordamida ham javob topilmoqda.
“O‘zbekkosmos” agentligi va “O‘zbekgidroenergo” AJ tashabbusi bilan Ohangaron suv omboriga o‘tkazilgan media-turda ishtirokchilar suv resurslarini monitoring qilishning ana shunday zamonaviy usullari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlarga batimetrik texnologiyalar, aerokosmik tasvirlar hamda radiolokatsion sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida suv omborlarining raqamli 3D modellarini yaratish jarayonlari namoyish etildi. Bu nafaqat ilmiy-texnik jihatdan qiziqarli, balki mamlakat suv xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumki, O‘zbekiston sharoitida suv omborlari qishloq xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti va energetika tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Aholi sonining o‘sishi, iqtisodiyot tarmoqlarining kengayishi va iqlim o‘zgarishlari suv resurslaridan yanada samarali foydalanishni talab etmoqda. Shu bois suv omborlarining holatini muntazam baholash va ularni ilmiy asosda boshqarish dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Shu vaqtga qadar suv omborlarini monitoring qilish asosan gidrologik postlar, joyida o‘tkaziladigan o‘lchov ishlari hamda mutaxassislarning kuzatuvlari orqali amalga oshirilgan. Bunday usullar amaliyotda o‘z ahamiyatini saqlab qolgan bo‘lsa-da, ma’lum cheklovlarga ega. Xususan, hududiy qamrovning torligi, ob-havo sharoitlariga bog‘liqlik va ma’lumotlarni yig‘ish hamda tahlil qilish uchun ko‘p vaqt talab qilinishi shular jumlasidandir.
Zamonaviy kosmik texnologiyalar esa bu jarayonlarga mutlaqo yangi yondashuvni taklif qilmoqda. “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida radiolokatsion sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan ma’lumotlar suv omborlari va gidrotexnik inshootlarni uzluksiz kuzatish imkonini bermoqda. Bu esa real vaqtga yaqin rejimda holatni baholash, xavflarni erta aniqlash va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekgidroenergo” AJ bilan hamkorlikda Ohangaron suv omborida olib borilgan kosmik monitoring tizimi aynan ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlardan biri bo‘lib, u kosmik ma’lumotlarni real boshqaruv jarayonlariga integratsiya qilishga ko‘maklashadi.
[gallery-30088]
Ta’kidlanganidek, har qanday suv omborida vaqt o‘tishi bilan loyqa va turli cho‘kindilar to‘planadi. Bu jarayon suv saqlash hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli suv omborlarining tub qismini muntazam o‘rganib borish va loyqa oqiziqlari bilan to‘lish darajasini baholash muhim vazifa hisoblanadi.
O‘lchov ishlarini tashkil etishdan avval suv omborlarining bir necha yillik gidrodinamik rejimi tahlil qilinadi. Bunda suv sathining eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlari qayd etilgan davrlar aniqlanadi. Keyin suv sathi minimal darajaga tushgan vaqtda suv usti qismi aerokosmik tasvirga olinadi. Bu jarayonda uchuvchisiz uchish apparatlari hamda sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalaniladi.
Suv osti qismi bo‘yicha batimetrik o‘lchovlar va suv usti hududlari bo‘yicha aerokosmik ma’lumotlar maxsus dasturiy ta’minot orqali birlashtiriladi. Natijada suv omborining yagona raqamli uch o‘lchamli modeli yaratiladi.
Mazkur raqamli model suv omborining holatini har tomonlama baholash imkonini beradi. Xususan, suv sathining har 10 santimetrlik o‘zgarishi bo‘yicha suv hajmi va suv yuzasi maydonini hisoblash mumkin. Zarur hollarda hisob-kitob aniqligi hatto 1 santimetrgacha yetkaziladi.
Bu esa suv resurslarini boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aniq ma’lumotlar asosida suv taqsimotini rejalashtirish, suv zaxiralarini hisoblash va kelgusi mavsumlar uchun prognozlar tayyorlash imkoniyati kengayadi.
Mutaxassislar fikricha, kosmik monitoring tizimlarining yana bir muhim jihati xavflarni erta bosqichda aniqlash imkoniyati bilan bog‘liq. Radiolokatsion sun’iy yo‘ldoshlar yer yuzasidagi hatto millimetr darajasidagi o‘zgarishlarni ham qayd eta oladi. Bu esa suv omborlari to‘g‘onlari va boshqa gidrotexnik inshootlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan deformatsiyalarni o‘z vaqtida aniqlashda juda muhim omillardan.
– Kosmik texnologiyalar shuningdek, inson borishi qiyin bo‘lgan hududlarda monitoring ishlarini amalga oshirish imkonini ham bermoqda, - deydi “O‘zbekkosmos” agentligi bosh mutaxassisi Komiljon Toshmatov. – Ayniqsa, tik tog‘ yonbag‘irlari, murakkab relefli hududlar yoki chegaraoldi zonalarda yer usti o‘lchovlarini amalga oshirish doim ham oson kechmaydi. Bunday hollarda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari eng samarali yechimlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Kosmik ma’lumotlar yerdan 700-800 kilometr balandlikdagi sun’iy yo‘ldoshlar orqali olinadi. Ular asosida hududlarning relef modellari yaratiladi. Bu esa texnik vositalardan foydalanish qiyin bo‘lgan yoki xavfsizlik talablari mavjud hududlarda ham aniq monitoring olib borishga yordam beradi.
Mutaxassisning qayd etishicha, bu borada Andijon suv omborida ham samarali yondashuv qo‘llangan. Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududda joylashgan mazkur suv ombori atrofidagi tog‘li va tik qiyali hududlarda yer usti o‘lchovlarini amalga oshirish muayyan cheklovlarga ega. Shu sababli kosmik monitoring mazkur ob’ektni o‘rganishda xavfsiz va samarali vosita sifatida xizmat qilgan.
Bugungi kunda bunday texnologiyalar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng qo‘llanilmoqda. Niderlandiyada kosmik ma’lumotlar toshqin xavfini boshqarish va suv infratuzilmasini monitoring qilishda muhim vosita hisoblanadi. AQSHda suv resurslari va geologik jarayonlar muntazam kosmik kuzatuvlar asosida tahlil qilinadi. Yevropa Kosmik Agentligining Copernicus dasturi doirasidagi Sentinel-1 sun’iy yo‘ldoshlari esa gidrotexnik inshootlar va suv havzalarini monitoring qilishda keng foydalanilayotgan tizimlardan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham bu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 23-noyabrdagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida respublikamizdagi 60 ta suv omborida loyqa oqiziqlari bilan to‘lish dinamikasini monitoring qilish ishlari zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sohadagi qarorlarni aniq ma’lumotlarga asoslangan holda qabul qilish va suv xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu media-tur nafaqat zamonaviy texnologiyalarni namoyish etish, balki jamoatchilikka ularning amaliy ahamiyatini ko‘rsatish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi. Suv osti relefining raqamli xaritasi, sun’iy yo‘ldoshlardan olinayotgan ma’lumotlar va yuqori aniqlikdagi 3D modellar bugungi kunda suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlar tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Zero, suv resurslari har bir mamlakatning strategik boyligi hisoblanadi. Uni asrash, samarali boshqarish va kelajak avlodlarga yetkazish zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar imkoniyatlaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi.
Kamola Yusupova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA