Korrupsiyani jamoatchilik nazorat qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikning ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikning ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hamda Toshkent shahar adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda bojxona xodimlari, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Toshkent-aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshlig‘i R.Tojiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Abdug‘aniyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qonun ustuvorligi ta’minlangani korrupsiya yo‘liga to‘siq bo‘layotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratilgan. O‘zbekiston 2008-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Korrupsiyaga qarshi” konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. 2010-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istanbul harakat rejasiga qo‘shilgan.
2016-yil 12-apreldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim qadam bo‘ldi. Qonun asosida parlament tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida nazorat amalga oshirilishi huquqiy mustahkamlandi.
Bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Shaxsiy tarkib o‘rtasida qonunbuzarlik sodir etilishining oldini olish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bojxona organlarida tarbiyaviy profilaktik ishlar kuchaytirilgan. Bojxona postlarida korrupsiyaning mudhish oqibatlaridan ogohlantiruvchi ijtimoiy videoroliklar namoyishi yo‘lga qo‘yilgan.
“Ishonch telefoni” orqali fuqarolar bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan xabar berishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati, jamoatchilik nazorati muhim o‘rin tutadi. Davra suhbatida yurtimizda ushbu illatga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida aholining xabardorligini oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.