Korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi va DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbir davomida bojxona organlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashishda ishlar jadal olib borilayotganligi, bojxona nazorati va rasmiylashtirish jarayonlari avtomatlashtirilayotganligi, maxsus yangi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi dasturi ishlab chiqilib, inson omili keskin qisqartirilayotganligi ta’kidlandi.
Korrupsiya poraxo‘rlik, ijtimoiy iste’mol uchun mo‘ljallangan tovarlar va xizmatlarni noqonuniy o‘zlashtirish, urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik kabi ko‘rinishlarga ega.

Ma’lumotlarda qayd etilganidek, boshqarma xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish jarayonida tamagirlik, poraxo‘rlik, xizmat va mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlar va boshqa salbiy qonunbuzilish holatlari sodir etilishining oldini olish bo‘yicha shaxsiy tarkib o‘rtasida 121 marotaba umumiy profilaktik yig‘ilish o‘tkazilgan. 104 nafar xodim bilan yakka tartibdagi tarbiyaviy-profilaktik suhbat, 27 marta yashirin tekshiruv olib borildi.
Sodir etilgan qonunbuzilish holatlari va fuqarolarning murojaatlariga asosan 16 marotaba xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.
Bojxona sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish yo‘lida bojxona xodimining ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, hozirgi kunga qadar hududiy boshqarmaning 3 nafar xodimiga ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich to‘lov uchun 25 foiz miqdorida subsidiya puli ajratib berildi. 2 nafar xodimga uy-joy sotib olish va rekonstruksiya qilish uchun 600 million so‘m miqdorida ssuda ajratildi. 5 nafar xodimga 14 foizlik ipoteka krediti olishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berilgan bo‘lib, jami 31 nafar xodimning farzandi qo‘shimcha kvota asosida davlat oliy ta’lim muassasalarining talabasi bo‘lgan.
Bu boradagi uchrashuvlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA