Joriy yilning aprel oyi “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan “Adolat” SDP faollari aholi orasida bo‘lib, korrupsiyaning mamlakat rivojidagi salbiy oqibatlarini tushuntirmoqda.
Partiyaning Xorazm viloyat va Urganch shahar kengashlari Advokatlar palatasi Xorazm viloyat xududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy- amaliy tibbiyot markazi Xorazm filialida o‘tkazilgan “Aholining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish – qonun ustuvorligi garovi” mavzusidagi targ‘ibot tadbiri ham ana shu maqsadlarni o‘z ichiga oldi.

Tadbirda tibbiyot muassasidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolari, partiya faollari, deputatlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga katta to‘siq va tahdid bo‘lmish korrupsiya illati jamiyatni ich-ichidan yemiradigan og‘ir kasallik ekani, korrupsiyaning jamiyatimizga yetkazayotgan zarari hamda uning turlari haqida gapirishdi.

– Targ‘ibot tadbirlarimiz davomida fuqarolarimizning huquqiy bilimlari ancha oshganini kuzatayapmiz, – deydi partiyaning Xorazm viloyat kengashi bosh mutaxassisi Gulora Ismoilova. – Xalqimiz partiyamizning “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” tashabbusini qo‘llab-quvvatlab qarshi olmoqda. Shu kabi tadbirlar orqali aholimizning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirishga erishmoqdamiz.
Viloyatda bunday tadbirlar davom etmoqda.
A.Shokirov, O‘zA