Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
Korrupsiya har qanday davlatning ertangi kuni, kelajagi uchun xatarli, tahdidli kushandadir. U iqtisodiyotga katta zarar yetkazib, mamlakat taraqqiyotini izdan chiqaradi. Shu boisdan mamlakatimizda bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Yangi O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
2017 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2021 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qolaversa, joriy yilning noyabr oyida mamlakatimizning ko‘pgina vazirlik va idoralarida, jumladan “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi o‘tkazilayotganligi, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘lgan ushbu illatga qarshi qat’iy va izchil kurash boshlanganidan dalolat beradi.
Prezidentimizning 2021 yildagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tgan yilning 1 oktyabridan boshlab Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari, ya’ni Komplayens nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
“Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati maqomini olgandan so‘ng, uning asosiy bo‘linmalarida komplayens xizmati tashkil etildi. Butun Respublikada bo‘lgani kabi bu xizmat xodimlari oldiga kombinatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish muhitini yaratish, korrupsion xavf-xatarlarning oldini olish, kelib chiqish sabablarini barvaqt aniqlash, bunday omillarni tamomila bartaraf etish kabi muhim vazifalar qo‘yildi.
Kombinatda komplayens xizmati faoliyat ko‘rsatayotganligiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, o‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirildi. Avvalo xodimlarning bilim darajasi va malakasini oshirishga e’tibor qaratildi. Xodimlar tomonidan “onlayn” malaka oshirish kurslariga qatnashib, bilim salohiyati oshirilishi natijasida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi (International Anti-Corruption Academy)ning “Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish” yo‘nalishida 9 ta va “Aktivlarni deklaratsiyalash – korrupsiyani aniqlash indikatori” yo‘nalishida 8 ta, “Xaridlar sohasida korrupsiya va firibgarlikni oldini olish” yo‘nalishida 2 ta sertifikatlar olindi.
Bundan tashqari, Moliya vazirligining “Davlat xaridlarini amalga oshirish” yo‘nalishida 7 ta hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining sohaga oid 2 ta sertifikatlari olindi.
“Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimlari” ISO 37001:2016 xalqaro standart talablari asosida jami 14 ta ichki idoraviy hujjatlar, jumladan, Komplayens xizmatining nizomi, Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Odob-axloq kodeksi, Xodimlarni ishga qabul qilish tartibi, Xodimlarini odob-ahloq qoidalari va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish bo‘yicha yo‘riqnoma, Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash to‘g‘risidagi nizom, Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holati haqidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish reglamenti, Nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma, Xaridlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom va boshqa hujjatlar ishlab chiqildi.
Eng muhimi, ayni paytda kombinat bo‘linmalari faoliyatida mazkur hujjatlar amalda bo‘lib, o‘zining samarasini bermoqda. Kelgusida, ushbu yo‘nalishda ishlar olib borilishini yanada kuchaytirish rejalashtirilgan.
Xalqimizda kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish afzal degan naql bor. Zero korrupsiya keltirib chiqaradigan oqibatlarini kutib turmasdan bu illatga oid jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularga chek qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Shu boisdan ham Komplayens xizmati xodimlari tomonidan korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlar o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Joriy yilning 10 oyi davomida Komplayens xizmati tomonidan jami 806 ta (667 ta buyruq va 139 ta farmoyish) ichki idoraviy hujjatlar korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Bundan tashqari, normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan 27 ta takliflar ishlab chiqilib, 9 tasi amaliyotga joriy etildi va 15 tasi o‘rganib chiqilmoqda.
Jamiyatning rasmiy veb-saytida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limlari joriy etildi. Mazkur bo‘limlarda ichki idoraviy hujjatlar, e’lon qilinishi belgilangan ma’lumotlar, murojaatlarni yuborish uchun tegishli (ishonch telefoni va elektron pochta) aloqa kanallar hamda Komplayens xizmatining mas’ul xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirildi.
O‘tgan davr mobaynida jamiyat xodimlari bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyatini ishchi xodimlarga tushuntirish va o‘qitish” yuzasidan 30 marotaba huquqiy targ‘ibot va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, 10 ta uchrashuv, 16 ta seminar, 2 ta rasmiy veb-saytga va 1 ta gazetada maqola chop etilib, 1 ta so‘rovnoma o‘tkazildi.
Fuqarolar murojaatlari va topshiriqlarga asosan jami 18 ta o‘rganish hamda xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, 8 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Bir nafar rahbar ma’muriy, 7 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.
Komplayens xizmati xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifalar ko‘lami va mas’uliyatini teran anglab yetish bugungi kunning muhim talabidir. Sohada ishlash xalqning, davlatimiz rahbari va hukumatimizning yuksak ishonchi ekanligi esa jamoaga alohida kuch-g‘ayrat, ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda. Shunday ekan, xodimlarimiz bor bilim va imkoniyatlarini korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashishga, shuningdek kombinatning barcha yo‘nalishlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga yo‘naltiradilar.
Azamat BOZOROV,
“Navoiy kon metallurgiya kombinati”AJ
Komplayens xizmati sho‘’ba boshlig‘i