Bugun fuqarolarni tashvishga solayotgan, ularning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri, shubhasiz, korrupsiya masalasidir.
Keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir mansabdorning pora bilan qo‘lga tushgani bilan bog‘liq xabarlar keng muhokama qilinmoqda. Demak, korrupsiya masalasi har bir shaxs, jamiyat va davlat uchun jiddiy muammo hisoblanadi.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga binoan amaldagi Konstitutsiyaning bir qator moddalariga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid normalarni kiritish nazarda tutilmoqda.
Ular quyidagilardan iborat.
Birinchidan, Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlarining konstitutsiyaviy maqomi takomillashtirilmoqda. Aytish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli nihoyatda muhim. Agar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan dunyo davlatlarining tajribasiga nazar tashlasak, ularda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning ishtiroki juda ham faol ekanini ko‘rishimiz mumkin.
Konstitutsiyaning 56-moddasida fuqarolik jamiyati institutlarining aniq huquqiy maqomi, ularning turlari (mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va shaxslarning boshqa jamoat birlashmalari), maqsadi (fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishga, ijtimoiy hamda madaniy maqsadlarga erishish uchun ko‘maklashishga, jamiyatning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qanoatlantirish)ning belgilanishi korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilikning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning faol pozitsiyasini shakllantirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqishni ham kiritish taklif etilmoqda. Mazkur taklif korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ta’kidlash kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organning korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida Milliy ma’ruzasi parlament tomonidan tinglanishi alohida ahamiyatga ega. Chunki korrupsiyaga qarshi kurashish holati va uning natijalari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xalq vakillari tomonidan muhokama qilinishi demokratiyaning muhim jihatlaridan biri sanaladi.
Uchinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilishda parlament ishtirokini ta’minlash uchun yuqori palata – Senatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda lavozimdan ozod etish bilan bog‘liq farmonlarini tasdiqlash vakolati berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining parlament oldidagi hisobdorligini ta’minlaydi.
Demak, Konstitutsiyamizga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid normalarning kiritilishi, birinchidan – shaxsning, ikkinchidan – jamiyatning, uchinchidan – parlamentning, to‘rtinchidan – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faolligi va imkoniyatlari hamda mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Farhod PRIMOV,
Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
O‘zA