Korrupsiyaga qarshi kurashish burchimizdir
Jizzax viloyati hokimligida Oliy Majlis Senatining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari, viloyat, shahar, tuman hokimliklari, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Yig‘ilishni korrupsiyaga qarshi kurash hududiy kengashi raisi, Jizzax viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ergash Soliyev boshqarib bordi.
Unda hududiy idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, Prezidentimizning farmon va qarorlari bilan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari ijrosi haqida so‘z bordi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2021 yil 17 sentyabrdagi 5-sonli yig‘ilish bayonnomasi ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yilning 6 oktyabr kuni Jizzax viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining birinchi ta’sis yig‘ilishi tashkil etilib, unda 38 nafar korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zolari tasdiqlandi.
Joriy yil 1-yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi hamda reyting baholash mezonlari ijrosini ta’minlash maqsadida “Korrupsiyasiz soha” yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha viloyat prokurori o‘rinbosari va Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining hisobotlari eshitildi.
Senatorlar va deputatlar tomonidan viloyatda hududiy davlat idoralari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bu sohadagi huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tanqid qilindi.

Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘zaro hamkorlik va samarali ijtimoiy sheriklik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.
Natijada Jizzax viloyatida korrupsion va mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2021 yilda 281 tani, joriy yilning 4 oyida esa 64 tani tashkil etgan.
Korrupsion jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan shaxslarning 237 nafari o‘zlashtirish va rastrata, 38 nafari firibgarlik, 25 nafari pora olish, 13 nafari mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqish, 5 nafari pora berish hamda 6 nafari boshqa toifadagi jinoyatlarni sodir etgan.
Viloyatda byudjet buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlariga oid e’lonlarning “dxarid.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirilganligi o‘rganilganda qiymati 8 milliard 300 million so‘mlik 20 ta tanlov bo‘yicha qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Tadbirda poraxo‘rlik, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish kabi holatlar, korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga barham berishda turli idoralar va aholi orasida targ‘ibot ishlarining samardorligini oshirish, idoralar faoliyatining moliyaviy natijalarini ochib beradigan, korrupsiyaga qarshi choralarni oshkor etishni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ichki nazoratni yo‘lga qo‘yish, davlat organlari xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Qo‘shma majlisda muhokama qilingan masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
A.Qayumov, O‘zA