Korrupsiyaga qarshi kurashish – burchimiz
FOTOREPORTAJ
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy Kengashning joriy yil 5-mart kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan fikrlar, berilgan topshiriqlarni xalqimizning barcha qatlamlariga yetkazish, xalqning huquqiy madaniyatini oshirgan holda kelgusida jamiyatimizda korrupsiyaning tub ildizlariga barham berish maqsadida O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi tashabbusi bilan respublikamizning barcha hududlarida aprel oyi korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi, deb e’lon qilindi.

Oylik doirasida Farg‘ona shahar kasbiy ko‘nikmalar markazida “Aholining korrupsiyaga qarshi kurashishda faolligini oshirish – qonun ustuvorligi garovi” mavzusida ommaviy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda Partiyaning Farg‘ona viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Orifjon O‘lmasov, Xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashi deputati Bekzod Mamajonov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudyasi Odiljon Ismoilov ishtirok etdi.
– Korrupsiya nafaqat davlat va jamiyat ravnaqiga tahdid soladi, balki uni yuzaga keltiruvchi insonlarni ham hayotiga soya tashlashi, qonun oldida javobgarligiga sabab bo‘ladi, - dedi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudyasi O. Ismoilov. – Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, birgina joriy yilning o‘tgan yanvar-fevral oylari davomida korrupsiya bilan bog‘liq 102 nafar shaxsga nisbatan 63 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 99 nafar shaxsga nisbatan 60 ta jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan. Ularning 17 nafariga jarima, 1 nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish, 47 nafariga axloq tuzatish ishlari, 7 nafariga ozodlikni cheklash, 25 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bu jinoyatlar bank tizimida xodimlari, tadbirkorlik sub’ektlari, maktabgacha va maktab ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash tizimlarida ko‘proq sodir etilganini ko‘rish mumkin.
Tadbir davomida ishtirokchilar jamiyatda sodir etilayotgan korrupsion holatlar va ularni oldini olish borasida o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
Ommaviy targ‘ibot tadbirlari joylarda davom etmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA