Korrupsiyaga qarshi kurashda halollik va huquqiy madaniyat asosiy omildir
Navoiy viloyatining Xatirchi va Karmana tumanlari hamda Navoiy shahrida BMT Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida tizimli targ‘ibot va amaliy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlarda aholining huquqiy va raqamli savodxonligini oshirish, davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlash haqida so‘z yuritildi.

– Loyihalarning 11 tasi mahallalarda aholi bilan o‘tkazilgan amaliy uchrashuvlar, targ‘ibot mashg‘ulotlari va xonadonbay muloqotlardan, 5 tasi esa ta’lim muassasalarida yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan “Biz korrupsiyaga qarshimiz!” ijodiy tanlovlaridan iborat bo‘ldi, – deydi loyihaning viloyatdagi vakili Gulhayo Ravshanova. – Tadbirlar Xatirchi tumanidagi Ikrom Karvon, Xo‘jaqo‘rg‘on va Jaloyir, Karmana tumanidagi Azamat va Ziyokor, Navoiy shahridagi Me’morlar, O‘zbekiston, Zarafshon va Chinor mahallalarini, shuningdek, Navoiy shahridagi ikkita ta’lim muassasasini qamrab oldi. Ularda aholining turli qatlamlari, jumladan, xotin-qizlar, yoshlar, talabalar, keksalar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlashga e’tibor qaratildi.
Tadbirlarda ishtirokchilarga my.gov.uz, soliq.uz va e-anticor.uz platformalaridan foydalanish, elektron arizalar yuborish, zarur ma’lumotnomalarni olish, davlat xizmatlaridan foydalanish, korrupsiyaga oid holatlar haqida xabar berish imkoniyatlari tushuntirildi.

Moliyaviy savodxonlik va kiberxavfsizlik bo‘yicha muloqotlarda esa bank kartalari, shaxsiy ma’lumotlar va tasdiqlash kodlarini himoya qilish, SMS-kod va PIN-kodlarni begonalarga bermaslik, shubhali havolalardan ehtiyot bo‘lish hamda kredit masalalarida mas’uliyatli qaror qabul qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yoshlar o‘rtasidagi ijodiy tanlovlar orqali esa halollik, adolat, qonuniylik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mahalla va ta’lim muassasalarini qamrab olgan ushbu yondashuv korrupsiyaning oldini olishda huquqiy bilim, raqamli ko‘nikma, ochiq muloqot va shaxsiy mas’uliyatning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi. Kelgusida bunday tadbirlarni izchil davom ettirish aholining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ortiqcha ovoragarchilik va vositachilik xavfini kamaytirish hamda jamiyatda halollik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri