Korrupsiyaga qarshi kurashda barcha mas’uldir
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi”ni o‘tkazmoqda.
Partiyaning Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan Yuqori Chirchiq tumanidagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Aholining korrupsiyaga qarshi kurashishda faolligini oshirish – qonun ustuvorligining garovi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi Gulnora Ahmedova, partiyaning tuman Kengashi raisi Iskander Alashbayev, huquq-tartibot organlari xodimlari, Qorasuv va Ma’rifat mahalla xotin-qizlar faollari, ta’lim muassasasi pedagog-xodimlari qatnashdi.


Yuqori Chirchiq tuman hokim o‘rinbosari Maxpal Aytmatova hamda adliya maslahatchisi Umida Ergasheva, korrupsiyaning xavf-xatarlaridan aholi va yoshlarni xabardor qilish, ushbu illatga imkoniyat yaratuvchi sabablar, shart-sharoitlar va oqibatlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi haqida ma’ruza qildi.


Shuningdek, “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi Gulnora Ahmedova o‘z so‘zida aholining barcha qatlam vakillari, xususan, kelajak egalari bo‘lgan yoshlarning korrupsiyaga qarshi murosasiz ruhda ta’lim-tarbiya olishi muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

– Joylarda aholi bilan o‘tkazayotgan suhbatlar samarali bo‘lmoqda, – deydi “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi G.Ahmedova. – Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadlariga faqat tashkiliy-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymizki, jamiyat kushandasi bo‘lgan ushbu illatga qarshi kurashda nafaqat davlat tashkilotlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldir. Ishonamanki, oylik doirasidagi sarhisoblarimiz ko‘ngildagidek bo‘ladi.
A.Musayev,O‘zA