Korrupsiyaga qarshi kurash eng muhim vazifa
Buxoroda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar byicha batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy Kengashi a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
– Viloyatda korrupsiyaga oid jinoyatchilik tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida jami 3 ming 867 ta jinoyat sodir etilgan. Korrupsiya va davlat mulkini talon-taroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlar umumiy jinoyatchilikning 237 tasini yoki 6,1 foizni tashkil qiladi, – deydi viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Otabek Muzaffarov. –Bu davrda 171 nafar shaxslar tomonidan 207 ta holatda korrupsiya va davlat mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlar yuzasidan tergov harakatlari olib borilgan. Tahlillar, sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar orasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pora olish 7 taga, pora berish 11 taga, davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi 3 taga ortganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, tijoratda pora evaziga og‘dirib olish 7 taga, nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish 5 taga va “hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish” 17 taga kamaygan.
[gallery-9808]
Matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati haqidagi masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (ombudsmanning) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova, Korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy Kengashining 2022 yil 9 oylik faoliyati haqida Xalq deputatlari viloyat Kengashining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, viloyat hududiy kengash a’zosi Obidjon Hamidov, Aholining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jumladan so‘nggi yillarda qabul qilingan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatining targ‘iboti to‘g‘risida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Baxronov va boshqalarning ma’ruzalari tinglandi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA