Korrupsiya – taraqqiyotga tahdid
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish hamda korrupsiyaning oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shunga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Korrupsiya-taraqqiyotga tahdid” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda korrupsiya fuqarolarning ijtimoiy adolatga, davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytirishi, davlatning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, qolaversa jamiyatdagi ma’naviy muhitni buzilishiga olib kelishi xususida so‘z yuritildi.

Xususan, Akademiya boshlig‘i, polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov joriy yilning 5 mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijroga qaratilganini alohida ta’kidladi.
Korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekani, shu bois so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim yaratilgani, eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganini e’tirof etdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA