Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senatining Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sud-huquq islohotlari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Aziza Aminova, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov, OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov, komplayens xizmatlari, sud, huquq-tartibot idoralari mas’ullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda hamda kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida yig‘ilish qatnashchilariga batafsil ma’lumot berdi. Aksilkorrupsiya oyligi davomida kombinat ishchi-xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi rasm” va “Eng yaxshi videorolik”, “Eng yaxshi taqdimot” bo‘yicha tanlov g‘oliblari, “Zakovat” intellektual o‘yinining g‘olib jamoalari, mini futbol musobaqasida muvaffaqiyatga erishgan jamoalar pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov so‘zga chiqib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada milliy qonunchilik asoslari bo‘yicha ma’ruza qildi. Ayniqsa, bugun arzimas bo‘lib ko‘ringan maishiy korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga qarshi ayovsiz kurashish lozimligini ta’kidladi. Shundan so‘ng “Metallurg” madaniyat saroyi badiiy jamoalari o‘z chiqishlari bilan barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kombinat tizimida o‘tkazilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi” shiori ostidagi aksilkorrupsiya oyligi doirasida bir qator tadbirlar tashkil etildi. Dolzarb oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad salbiy illatni yo‘q qilish, kombinat faoliyatida to‘liq shaffoflik, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, ellikdan ziyod zavod va fabrika va sexlarda, 35 ming kishilik yirik jamoada mehnat qilayotgan barcha daraja va bo‘g‘indagi rahbarlar, ishchi va xodimlarda korrupsiyaga nisbatan qat’iy, murosasiz munosabatni shakllantirishdan iboratdir.

Shuningdek, kombinat va uning tarkibiy bo‘linmalarida halollik, poklik, adolat va qonuniylik tamoyillarining izchil qaror topishi hamda ularning amaliyotda keng qo‘llanishini ta’minlash pirovard maqsad sanaladi. Oylik doirasida, kombinat markaziy apparati va tarkibiy bo‘linmalarida keng qamrovli profilaktik chora-tadbirlar, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv-seminarlar, ochiq muloqotlar, tanlovlar, sport musobaqalari, aholi va ishchi-xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi immunitetni oshirishga qaratilgan axborot-targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.