Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
“O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyati Bosh boshqarmasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan e’lon qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida “Korrupsiya – jamiyat taraqqiyoti kushandasi” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi mas’ullari ishtirok etib, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda sodir etilgan jinoyatlar va ularning keltirib chiqarayotgan oqibatlari haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.
[gallery-20672]
Bugungi kunda bank tizimida ham mazkur sana doirasida o‘tkazilayotgan turli tadbirlarda soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari faol qatnashmoqda. Ayniqsa, bank xodimlarining huquqiy ongini oshirish va ularda ushbu illatga murosasizlikni shakllantirish bo‘yicha davra suhbatlari, turli tadbirlar hamda test sinovlari tashkil etilmoqda.
– Korrupsiya hozirgi kunda transmilliy holat hisoblangani bois, butun dunyo hamjamiyatiga xavf tug‘dirmoqda, – deydi “O‘zmilliybank” AJ viloyat Bosh boshqarmasi Xavfsizlik, rejim va axborotni himoyalash bo‘limi Komplayens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi Murod Hakimov. – Ayni paytda boshqarmada Xavfsizlik, rejim va axborotni himoyalash bo‘limi tomonidan ushbu illatning oldini olish yuzasidan aniq vazifalar va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olingan. Bank xodimlari o‘rtasida korrupsion va boshqa qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, bank ichki tartib-qoidalariga rioya etilishi yuzasidan muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Tadbirda bank tizimida korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rish, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari