Korrupsiya — har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan jirkanch illat. Bu illat davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradi, davlat va jamiyatda sog‘lom muhitning qaror topishi, barqarorligi, tinchligi va taraqqiyoti uchun xavf soladi.
Shu bois, har bir inson korrupsiyaning jamiyatga, taraqqiyotga va xavfsizlikka katta tahdid ekanini chuqur anglagan holda unga qarshi har doim kurashishi lozim.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, chek qo‘yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Adolat” SDP, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida seminar-trening tashkil etildi.
[gallery-20698]
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashda samarali mexanizmlarni shakllantirish, xususan, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida shaffoflikni oshirish masalalari muhokama qilindi. Seminar-trening doirasida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, xalqaro tajriba va milliy siyosatdagi ilg‘or yutuqlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va xavfsizligini nazorat qilishda korrupsiyaning oldini olishning dolzarbligi haqida so‘z yuritilib, bu borada aniq takliflar ilgari surildi. Shuningdek, xalqaro tajribaga asoslangan amaliy darslar, korrupsiyaga qarshi kurashish vositalaridan samarali foydalanish bo‘yicha maxsus treninglar ham tashkil etildi.
Muhtarama Komilova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA