Korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi
“Adolat” SDP saylovoldi dasturida korrupsiya bilan kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi ekanligi belgilangan. Partiya tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda mamlakatimizni korrupsiyaga murosasiz 50 ta davlat qatoriga kirish, qonunchilik normalarining buzilishiga, ularning noto‘g‘ri va o‘zboshimchalik bilan talqin etilishiga chek qo‘yish hamda to‘rachilik, rasmiyatchilik va korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish tarafdori ekanligi belgilangan.

Ushbu partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar bilan hamohangdir.
Bugun Toshkent shahrida Qatar davlati Amiri tomonidan ta’sis etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida prezidentimiz O‘zbekistonda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, kelgusida amalga oshirilishi belgilangan maqsadlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Shu bilan birga, korrupsiya xavfini, mintaqaviy va global darajadagi ta’sirini bartaraf etishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirayotgani, BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgani ta’kidlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, maxsus vakolatli agentlik tashkil etilgani e’tirof etildi.
Shuningdek, Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash, mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda. Barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yilib, davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.
O‘zbekiston 2021 yilda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi. Dunyoning nufuzli “Transparency International” indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi va bu borada mintaqada eng yuqori o‘rinni egallab kelmoqda. 2030 yilga qadar mazkur reytingdagi o‘rnimizni yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsad qilingan.
Albatta, ushbu erishilgan natijalar, to‘plangan bilim va tajriba, Qatar davlati kabi korrupsiyaga qarshi kurashishda yuksak natijalarga erishgan mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarining kengayib borayotganligi kelgusida ushbu yo‘nalishda yanada yuqori natijalarga erishish imkonini beradi.
Shu bois, davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalar belgilanganligini, xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilishi, unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u berilishini aytib o‘tdi.
O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus hamda yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini, o‘zaro tajriba almashish, muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etishni taklif etdi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligini kuchaytirish orqali uning salohiyat va imkoniyatlari yanada oshirilishi, korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv institutini joriy etish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kengaytirish, ular ta’sirini yanada oshirish uchun Global media forumni o‘tkazish takliflarini ham bildirdi.
Albatta, bugun korrupsiya shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Sababi, bugun korrupsiya illati butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdidga aylanib bormoqda.
Shu bois, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo toqatsizlik madaniyatini shakllantirish, uning har bir ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish barchamizning asosiy vazifamiz sanaladi.
Oltinoy Mamirova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati. O‘zA