Koronavirusga qarshi emlanish – eng to‘g‘ri qaror
Koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon kishilarni ushbu xatardan ishonchli himoyalay oladigan vaksinaning qachon yaratilishi, unga ishonchli davo choralarini topish barcha davlatlar qatori yurtimiz aholisining ham eng muhim va dolzarb savoli bo‘lib keldi.
Bu borada barcha davlatlarda soha olimlari bosh qotira boshladilar. Mamlakatimiz tibbiyot sohasi vakillari dunyoning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda kasallikning yengil darajalarini davolashga oid yo‘riqnomalar ishlab chiqdi. bugungi kunga kelib ushbu kasallikka qarshi bir qancha vaksinalar yaratildi va amaliyotga joriy qilindi. Hozir yurtimizda ham vaksinaning bir necha turlari davlatimiz tomonidan xarid qilinib, aholini emlash jarayonlari davom etmoqda. Lekin ming afsuski, xalqimiz orasida vaksina to‘g‘risida turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan yolg‘on, isbotlanmagan xabarlarga ishonib, sarosimaga tushib, vaksina olishdan bosh tortish holatlari uchrab turibdi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus pandemiyasining ilk kunlaridan to bugungi kunga qadar aynan “COVID-19”ning oldini olish va ta’sir choralarini kamaytirish, shu bilan birga mamlakat iqtisodiyoti pandemiyaga mos ravishda ishlashiga doir 15 ga yaqin farmon va qaror imzolandi, – deydi Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur RIZAEV O‘zA muxbiri bilan suhbatda. –O‘z vaqtida amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli “COVID-19” pandemiyasining ommaviy ta’siri boshqa davlatlarga qaraganda kamroq bo‘ldi. Insoniyat avval duch kelmagan ushbu ofatga qarshi mamlakatimizning barcha aloqador tizimlari safarbar etilgani, aholi salomatligini muhofaza qilish va infeksiya tarqalishining oldini olish tadbirlarining o‘zaro uzviylikda, tezkorlik bilan joriy qilingani buning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Ammo bu xotirjamlikka berilish kerak degani emas.
Biz shifokorlarda “Kasallikni davolagandan ko‘ra, oldini olgan afzal”, degan gap bor. Shunday ekan, emlanish – bu pandemiyani yengishning yagona yo‘li. Xalqimiz buni to‘g‘ri tushunishi, o‘zi va yaqinlari salomatligi haqida qayg‘urishi kerak. Koronavirusga chalingan bemorlarda keyinchalik ham sog‘lig‘iga ta’sir qiladigan ko‘plab asoratlar bo‘lishi kuzatilyapti. Vaqt o‘tgan sari mazkur virusning yangi turlari paydo bo‘lmoqda. Bu nafaqat tibbiyot sohasi vakillarini, balki barchamizni yana bir bor sergaklikka chorlashi zarur.
– Xalqimiz orasida “Vaksina nima, u qanday ishlaydi, foydali yoki nojo‘ya ta’sirlari nimalardan iborat, samaradorligi va xavfsizligining tahlillari qanday amalga oshirildi?”, degan savollar tug‘ilyapti. Tushunib, tushunmasdan, bilib-bilmasdan, asossiz shaxsiy munosabatlar bildirish qizg‘in tus olmoqda...
– Vaksina – biologik kelib chiqishga ega tibbiy preparat bo‘lib, inson organizmida ma’lum virus yoki boshqa mikrobga qarshi immunitet hosil qilishi bilan qiymatlidir. An’anaviy usulda u virus yoki boshqa mikroblarning zarar keltira olmaydigan darajada zaiflashtirilgan yoki jonsiz shaklini yaratish orqali olinadi. Hozirgi ilm-fan yutuqlari esa, virus yoki bakteriya organizmidan to‘la foydalanmasdan turib ham vaksina yaratish imkonini beradi. Bunda kasallik qo‘zg‘atuvchi virus yoki bakteriyaning kichik bir bo‘lagi biotexnologik usullar yordamida ko‘paytirilib, tozalab olinadi. Ushbu turdagi vaksinalar tarkibida infeksiya qo‘zg‘atuvchisi bo‘lmaganligi uchun kasallikning qaytalanish ehtimoli mavjud emas.
Jonsizlantirilgan yoki rekombinant vaksina inson tanasiga yuborilganida ham shunday jarayon sodir bo‘ladi: immun tizimi uni aniqlab, kurashuvchan maxsus bo‘linmalarni ishlab chiqaradi. Jonli virusdan farqi shundaki, u inson tanasida kasallik keltirib chiqara olmaydi. Ushbu usul hozirgi paytga qadar kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng samarali usuli bo‘lib kelmoqda. Tabiiyki, inson organizmi doimiy mikroblar (antigenlar) qurshovida ekanligi e’tiborga olinsa, bunday immun tizim va tabiiy vaksinatsiya muntazam ravishda tanamizni himoya qilib turadi.
– Demak, emlanish zarur, shundaymi?
– Emlanish zarur! Sababi, o‘ta zararli, zaharli va hatto o‘limgacha olib borayotgan koronavirusni tanamizga qabul qilib, uni toki tanamiz yengib chiqarib yubormagungacha kutishdan, bu “katta jangda” organizmimizni batamom holdan toydirib, keyinchalik turli boshqa kasalliklarni orttirib olishimizga sababchi bo‘lganimizdan ko‘ra, koronavirusdan tamomila xoli holatda o‘zimizni, oila a’zolarimizni, yaqinlarimizni va aholimizni emlaganimiz ming karra afzaldir. Koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqiniga tutilib, virus yuqtirib olgan yaqinlarimizni uzoqdan kuzatib turishdan, yana karantin cheklovlarini joriy qilib, farzandlarimizni maktablarga yubormasdan uyga qamab, orzu-havasli damlarini cheklab turishdan va eng yomoni, o‘zimiz va mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqishiga, jamiyatimizda hukm surayotgan yangilanish jarayonlarining sekinlashuviga sababchi bo‘lishdan ko‘ra, vaksinalar bilan emlanish – aql va mantiqqa mos bo‘lgan eng to‘g‘ri qarordir. Zero, barchamiz insoniyatning ikki yilga yaqin vaqt mobaynida ushbu pandemiyadan katta aziyat chekkaniga guvohmiz.
Davlatimiz rahbari xalqimizga, shifokorlar va olimlarga bir necha bor murojaat qilib pandemiya bo‘yicha 3 ta muhim shartga qat’iy amal qilishni ta’kidladi.
Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu albatta vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar yurtimizga 4 turdagi vaksinadan 13 milliondan ortiq doza olib kelindi. Vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Shu bois, emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida yaqinda maxsus qonun ham imzolandi. Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi. Bu ham bevosita xalqimiz sog‘ligini o‘ylab qo‘yilgan qadamlardan biridir.
Ikkinchidan, shaxsiy gigiyena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish – kasallikdan eng samarali himoya ekanini unutmaslik lozim. Lekin, ming afsuski, xalqimiz bugun bunday talablarni yodidan chiqarmoqda. Joylarda cheklovlarga qaramasdan ko‘p kishilik to‘ylar, ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Uchinchidan, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarning o‘zboshimchalik bilan, palapartish dori vositalarini iste’mol qilishini oldini olish zarur. “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus shifoxonadagi bemorlar bilan muloqot jarayonida shuni kuzatish mumkinki, ko‘pchilik kishilar uy sharoitida mutaxassislar bilan maslahatlashmasdan, o‘zboshimchalik bilan turli dori vostalarini iste’mol qilishi oqibatida ahvollari og‘irlashganini tushunib yetmoqda.
Shuningdek, hozir hukumatimiz tomonidan sog‘liqni saqlash tizimi shay holatga keltirilib, barcha zarur vositalar, yetarli dori-darmon va tibbiyot jihozlari bilan ta’minlandi. Ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlari keskin karantin qoidalari asosida faoliyatini davom ettirmoqda. Pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tishimiz va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, yurtdoshlarimizdan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi.
Ayni kunlarda butun dunyoda inson zakovati, qobiliyati va iste’dodi nimalarga qodir ekani sinovdan o‘tmoqda. Davlatimiz rahbarining ayniqsa ilm o‘rganishga, yangi ilm-fan marralarini egallashga qaratilgan chorlovlarining naqadar chuqur mazmun-mohiyatga ega ekanligi yana bir karra namoyon bo‘lmoqda. Ha, oddiy chang zarrasidan million marta kichik bu ko‘zga ko‘rinmas ofatga qarshi faqat aql-zakovat, bilim qudrati bilangina kurashish mumkin. Mamlakatimiz ilm-fani o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni to‘la oqlashiga shubha yo‘q, shuningdek, ilm-fan borasidagi tub islohotlar, mamlakat yoshlarining bilim olishga va yaratuvchanlikka bo‘lgan ishtiyoqining qo‘llab-quvvatlanishi kelajakda o‘zining yangidan-yangi natijalarini namoyon qiladi, albatta.
– Siz rahbarlik qilib kelayotgan Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasining pandemiyadagi ishtiroki qanday bo‘lmoqda?
– bugungi vaziyatda Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasi ham yurtimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada faollashtirish borasida Samarqand va qo‘shni viloyatlar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgiladi. Institutning 35 ta kafedrasida faoliyat ko‘rsatayotgan 300 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi Samarqand shahrining 12 ta oilaviy poliklinikasi, viloyat, tuman (shahar)larning 16 ta Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi, 47 ta oilaviy poliklinika va 131 ta OSHPiga “SOVID-19” tufayli statsionar va ambulator davolangan bemorlarni davolash yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatish, aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish uchun biriktirildi.
BJSTT bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va institutga 80mingta “SOVID-19” koronovirus infeksiyasi profilaktikasi bo‘yicha aholi uchun mo‘ljallangan tarqatma materiallar (broshyura, plakatlar va boshqalar) olib kelindi va professor-o‘qituvchilar orqali ular ommaviy tarzda aholiga tarqatilmoqda. Joylarda mahallalarda televideniye va radio orqali tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Samarqand shahrida 2 ta (2 va 4-son oilaviy poliklinikalarda), qolgan 15 ta tibbiyot birlashmalari negizida 1 tadan, jami 17 ta maxsus “COVID” poliklinikasi tashkil qilingan. Maxsus poliklinikalarda jami 51 ta mobil brigada faoliyat olib bormoqda va ularning har biriga bir kunda o‘rtacha 50-55 ta murojaat bo‘lmoqda. Viloyatda bugungi kunda 353 ta emlash punkti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Institutning Malaka oshirish fakultetida koronavirus kasalligini davolashga mo‘ljallangan shifoxonalarda faoliyat yuritishi uchun jami 473 nafar vrach Sog‘liqni saqlash vazirligining koronavirus kasalligini davolash uchun 8 yig‘ilish bayonnomasi bo‘yicha o‘qitildi va ularga maxsus sertifikatlar berildi. Hozirgi kunda yana 100 nafar vrach o‘qitilmoqda.
Aholiga amaliy yordam ko‘rsatish, ular tomonidan koronavirus infeksiyasi borasida paydo bo‘layotgan savollarga tegishli mutaxassislar tomonidan tavsiya hamda maslahatlar berish maqsadida 2021 yil 1 iyuldan 24 soat davomida faoliyat olib boradigan «Sall-markaz» va uning negizida “Onlayn poliklinika” xizmati hamda “Onlayn maslahat” telegram bot kanali tashkil etildi. Ularga puxta bilim va tajribaga ega umumiy amaliyot shifokorlari, kardiolog, nevropotolog, endokrinolog, LOR, infeksionist, akusher-ginekolog va psixolog kabi malakali professor-o‘qituvchilardan iborat mutaxassislar biriktirildi.
bugungi kunga qadar “Onlayn poliklinika” xizmati hamda “Onlayn maslahat” telegram bot kanali orqali kelib tushgan 3mingga yaqin murojaatning 2ming 700 dan ortig‘iga maslahatlar berildi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida mutaxassislar tomonidan aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Xalqimizni vaksinatsiya tadbirlarida faollik ko‘rsatishga, o‘zi, oilasi, yaqinlari sog‘ligiga befarq bo‘lmaslikka chorlab qolaman!
O‘zA muxbiri
Mohigul Qosimova
suhbatlashdi.