Koronavirus neft bozorini sarosimaga solmoqda
Ushbu narx 2016-yilda qayd etilgan eng past koʻrsatkichni ham yangiladi. “WTI” markasining aprel oyidagi narxi esa 31,35 foiz pastlab, bir barrelga 28,33 dollardan beriladigan boʻldi.
OPEKga aʼzo davlatlar va boshqa neft eksport qiluvchi mamlakatlarning oʻtgan juma kuni qora oltin qazib olishni qisqartirish boʻyicha bir toʻxtamga kela olmagani xalqaro neft bozorini sarosimaga solib qoʻydi.
Ekspertlar buning oqibatida jahon iqtisodiyotida tanglik boshlanishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda. Masalan, dushanba kuni xalqaro birjada “Brent” markasining may oyi uchun fyuchers narxi 28,69 foizgacha tushib, bir barrel uchun 32,28 dollar miqdorida belgilandi.
Ushbu narx 2016-yilda qayd etilgan eng past koʻrsatkichni ham yangiladi. “WTI” markasining aprel oyidagi narxi esa 31,35 foiz pastlab, bir barrelga 28,33 dollardan beriladigan boʻldi.
Natijada xalqaro valyuta bozori ham kuchli tebranishlarni boshdan kechira boshladi.
Xalqaro tahlilchilar bir ovozdan bunday vaziyatga koronavirusning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini sabab sifatida koʻrsatishmoqda.
“Times” gazetasining yozishicha, Saudiya Arabistoni neft sohasida Rossiyaga “urush” eʼlon qilgan. Oʻtgan juma kuni OPEK+ aʼzolari neft qazib olishni qisqartirish boʻyicha shartnomani uzaytira olmadi. Yaʼni, Rossiya va Saudiya Arabistoni bu borada bir toʻxtamga kela olmadi.
Rossiya mavjud shartlarni saqlab qolishni taklif qilayotgan boʻlsa, Saudiya Arabistoni neft qazib olishni yana qoʻshimcha ravishda qisqartirish tarafdori ekanini maʼlum qilgan. 1-apreldan boshlab neft qazib olishni qisqartirish boʻyicha amaldagi shartnoma oʻz kuchini yoʻqotadi va hech bir davlat shartnomaga amal qilmaydi.
Dunyo bozoriga chiqarilayotgan neftning salmoqli ulushi Rossiya va Saudiya Arabistoni hissasiga toʻgʻri kelayotgani hisobga olinadigan boʻlsa, shubhasiz bu “urush” boshqa neft eksport qiluvchi mamlakatlarni ham sarosimaga solishi aniq. Masalan, tahlilchilar, neft urushi AQSH obligatsiyalar bozori uchun ham juda xavfli boʻlishini taxmin etishmoqda. “Rapidan Energy Group” ekspertlari esa olovga moy quygandek, “bu boshlanishi, narx tushishi hali davom etadi”, deya bashorat qilishmoqda.
Xullas, neft narxining pasayishi hozir rekord darajagacha yetdi. Kuzatuvchilar “Saudi Aramco” kompaniyasining neft narxini tushirish haqidagi bayonoti ortidan roʻy berayotgan tanglik Saudiya Arabistoni bilan Rossiya oʻrtasidagi munosabatlarni yomonlashtirishi mumkinligini ham aytishmoqda.
OPEK va Saudiya Arabistoni vakillarining taʼkidlashicha, ushbu harakat neft bozorida Rossiya ulushining bir qismini tortib olish uchun amalga oshirilmoqda. Kelasi oyda Saudiya Arabistoni neft qazib olish koʻrsatkichini kuniga 10 million barrelga, zarurat tugʻiladigan boʻlsa, 12 million barrelga ham yetkazishi mumkin.
“Wall Street Journal” esa eʼtiborini neft bozorida yuzaga kelgan sarosima xalqaro oltin bozoriga qay tarzda taʼsir etayotganiga eʼtibor qaratdi. Nashrning taʼkidlashicha, Osiyoda oltin narxi keyingi yetti yilda eng yuqori choʻqqiga yetgan va bu oʻsish yana davom etishi mumkin. Oʻz navbatida, “New York Times” gazetasi neft narxining 20 foizdan ham tushib ketishi 1991-yildan buyon eng keskin pasayishdir, deya uqtiradi. Mutaxassislarning aytishicha, tanglikdan chiqishning birdan bir yoʻli Saudiya Arabistoni bilan Rossiyaning murosaga kelishidir. Narx pasayishi bundan keyin ham davom etsa, “bu jarayonni hech kim toʻxtata olmaydi“.
Neft narxining tushib ketishi iqtisodiyotning koʻplab yoʻnalishlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, boshqa neft ishlab chiqaruvchi davlatlarni ham oʻta tang ahvolga solib qoʻyadi. Bu borada eng koʻp zararni Venesuela va Eron koʻrishi mumkin, chunki ushbu davlatlar iqtisodiyotida neft savdosidan tushgan valyuta tushumi katta oʻrin tutadi. Shundogʻam, AQSHning iqtisodiy jazo chorasini boshdan kechirayotgan bir paytda, Venesuela va Eron uchun bu zarbaning asorati oʻta ogʻir kechishi turgan gap. Bundan tashqari, neft narxining uzoq muddat past saqlanib qolishi AQSHning oʻzida ham katta qarzi bor neft kompaniyalari uchun moliyaviy bosimni kuchaytirib yuborishi mumkin. Iqtisodiyoti neft eksportiga bogʻliq Nigeriya, Angola va Braziliya kabi bir qator davlatlar ham endi qiyin vaziyatda qolishi turgan gap, deyishyapti ekspertlar.
“Washington Post” gazetasining yozishicha, hech kim zarar koʻrishni istamaydi, binobarin bu borada tomonlar bir toʻxtamga kelib, neft ishlab chiqarishni qisqartirish boʻyicha shartnoma imzolashi ham mumkin. OPEK aʼzolarining ekspertlar darajasidagi majlisi mart oyi oxiriga belgilangan. Oʻshanda neft narxi tushib ketishining oldini olish boʻyicha barcha eksportyor mamlakatlar uchun maqbul qaror qabul qilinishi mumkin. Agar tomonlarni qoniqtiradigan umumiy bir qarorga kelinmasa, 2020-yilda bir barrel neftning narxi 20 dollarga pastlaydi. Bu esa, “Exxon” kompaniyasining Yaqin Sharq boʻyicha sobiq eksperti Ali Xederi taʼkidlaganidek, “juda katta geopolitik oqibatlarga” olib kelishi mumkin.
Bunday bashoratni “Goldman Sachs” banki ham bildirmoqda. Bank mutaxassislarining taʼkidlashicha, neft bozorida kechayotgan voqealar rivoji ortidan yuzaga kelayotgan vahima tahlikali vaziyatni yuzaga keltirishi turgan gap. Bir soʻz bilan aytganda, hozirgacha koronavirusning savdo, transport, turizm, mahsulot yetkazib berish, xizmat koʻrsatish kabi sohalarga taʼsiri haqida koʻp yozilayotgan edi. Neft bozorida kechayotgan voqealar yuqorida sanab oʻtilgan sohalarning hammasiga birdek taʼsir etishi hisobga olinadigan boʻlsa, dunyo iqtisodiyoti 2020-yilda jiddiy sinovlar qarshisida turibdi, deya taxmin qilsa boʻladi.
Saidmurod Rahimov tayyorladi