Koronavirus: kulasizmi, kuyasizmi?
Bir necha oydan buyon yer yuzini dahshatga solib turgan koronavirus balosi jahonning aksariyat davlatlarida mislsiz qaygʻuli hodisalarni keltirib chiqarishi barobarida, yer yuzining turli nuqtalarida oʻnlab gʻaroyib, kutilmagan voqealarga ham sabab boʻlmoqda.
Bir necha oydan buyon yer yuzini dahshatga solib turgan koronavirus balosi jahonning aksariyat davlatlarida mislsiz qaygʻuli hodisalarni keltirib chiqarishi barobarida, yer yuzining turli nuqtalarida oʻnlab gʻaroyib, kutilmagan voqealarga ham sabab boʻlmoqda. Quyida ayrim shunday holatlar keltirilmoqda.
“Biz zoʻravonlikka qarshimiz!”
Amerika Qoʻshma Shtatlarida bir guruh faxriylar koʻngilli tarzda San-Fransiskoning Chayna-taun tumanidagi koʻchalarni qoʻriqlamoqda. Ular ayni yoʻl bilan koronavirus pandemiyasi tufayli shaharda tez-tez roʻy berayotgan ksenofobiya holatlarining oldini olishga qaror qilishdi.
“Biz zoʻravonlikni qoʻllamaymiz va maʼqullamaymiz ham”, — deydi “United Peace Keepers” deb nomlangan mazkur harakat tashabbuskori Lianna Lui xonim.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan video lavhada loyiha ishtirokchilari San-Fransisko koʻchalari boʻylab yurgani, yoʻlovchilardan hol-ahvol soʻrayotgani aks etgan.
“Shaharda echkilar!”
Karantin kunlari Angliyaning Llandidno shahrini... togʻ echkilari “zabt etishdi”. Gap shundaki, odatda jonivorlar shahar shovqinidan hurkishgan. Hozir esa pandemiya tufayli koʻchalar boʻm-boʻsh. Natijada shahar “choʻqqi soqol”lilar “hukmronligi ostiga oʻtdi”. Shu kunlarda Llandidno hududi boʻylab yuzlab kashmir yovvoyi echkilari tarqalgan. Jonivorlar turar-joylar atrofida oʻsgan chiroyli gullardan tatib koʻrishmoqda, derazalardan boqib, uylar ichkarisini tomosha qilishyapti.
Tibbiyot niqobi va yelim xalta: umumiylik nimada?
Koronavirus nafaqat odamlar hayoti va salomatligiga, balki atrof-muhitga ham xavf solmoqda, dunyo okeanining yana-da koʻproq ifloslanishiga olib kelmoqda.
Ekofaol Garri Stouks ayni kunlarda Gonkong qirgʻogʻiga yaqin suv hududini tozalashga kirishgan. Avvallari uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari, asosan, okeanga uloqtiriladigan plastik idishlar, yelim xalta, rezina qoʻlqoplar qoldiqlari aks etgan suratlarga toʻla edi. Afsuski, keyingi haftalar davomida chiqindi tarkibidagi sunʼiy jismlar roʻyxati yana bir nom bilan “boyidi”. Bu — kishilar kundalik turmushiga kirib kelgan navbatdagi mahsulot – tibbiyot niqobi.
“Qosh qoʻyaman deb...”
Buyuk Britaniyaning Derbishir grafligi politsiyasi ushbu hududda joylashgan sunʼiy koʻl, doimo maftunkor havorang tusda tovlanib turadigan suv havzasiga ataylab boʻyoq toʻkib qoʻyishga qaror qildi. Bundan koʻzlangan maqsad, karantin vaqtida hududning ajoyib manzaradan bahra olish, suratga tushishga ishtiyoqmand kishilardan xoli boʻlishiga erishish edi.
Afsuski, mahalliy hukumat tomonidan oʻylab topilgan noodatiy uslub mutlaqo teskari natija berdi. Endi nafarmon boʻyoq quyilishidan hosil boʻlgan xilma-xil, gʻaroyib shakllar odamlarni yana-da koʻproq oʻziga jalb etmoqda.
Internet materiallari asosida