Koronavirus kir sovundan qoʻrqadimi?
Hozir koʻpchilik uchun qoʻllarni tez-tez sovunlab yuvish, antiseptik vositalardan foydalanish koronavirusni yuqtirmaslikning eng samarali vositasi sifatida qaralmoqda.
Hozir koʻpchilik uchun qoʻllarni tez-tez sovunlab yuvish, antiseptik vositalardan foydalanish koronavirusni yuqtirmaslikning eng samarali vositasi sifatida qaralmoqda. Qoʻl telefonlarimizga ham Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada eʼtiborli boʻlish kerakligi haqidagi eslatmalar bot-bot kelib turibdi.
Shundan boʻlsa kerak, dorixona va savdo tarmoqlarida nam salfetka va antiseptik vositalarning savdosi ancha yurishib, narxlari ham shunga yarasha “oʻsib-ulgʻaydi”.
Xaridorlarda tanlash imkoni yoʻqligidanmi, oʻzimizning eʼtiborsizligimizdanmi, bilmadim, ushbu dezinfeksiya vositalarining yorligʻini oʻqigan va tanlab olgan insonni uchratmaymiz. Kimni koʻrmaylik, “menga bitta salfetka va dezinfeksiya qiluvchi gel bering”, deya bor ixtiyorini sotuvchiga berib qoʻygan.
Bir nafas toʻxtab, oʻylab koʻraylik. Aslida ham xarid qilayotgan dezinfeksiya vositalarimiz virusga qarshi kurashda qanchalik foyda beradi? Uning tarkibi qanday? Qaysi jihati foydali-yu qaysi tarafidan ehtiyot boʻlishimiz kerak? Sovunlarning hammasi ham bakteriya yoki virusga qarshi kurasha oladimi? Unda nega reklamalarda sovunlarning antibakterial xususiyatlariga alohida urgʻu beriladi?
Ushbu savollarga aniqlik kiritish maqsadida “Oʻzstandart” agentligining “Uz test” laboratoriyasi mudiri Nodira QOSIMBEKOVAga murojaat qildik.
- Toʻgʻri, dezinfeksiya vositalari har xil boʻladi, — deydi N. Qosimbekova. — Misol uchun, xalq orasida kir sovuni, yaʼni xoʻjalik sovuni bu borada juda mashhur. Aslida ham u tabiiy moddalardan tayyorlangani uchun bir qator ijobiy xususiyatlarga ega. Shuning uchun tanamizga toshmalar toshsa yoki nimadir chaqsa, undan foydalanish tavsiya etiladi. U bilan doimiy qoʻlni yuvib turish turli infeksiyalardan himoyalanishda yaxshi natija beradi. Tarkibidagi ishqor moddasi esa liboslarni yaxshi va toza yuvilishini taʼminlaydi.
- Qoʻl yuvishda yoki idishlarni tozalashda foydalaniladigan hid beruvchi sovun va boshqa yuvish vositalari bu borada qanchalik foydali?
- Kundalik qoʻl yuvishda ishlatiladigan sovunlarda zararli mikroblarni oʻldiradigan himoya qismi kamroq. Unda asosiy eʼtibor yoqimli hidga va yaxshi koʻpirishga qaratiladi. Idish yuvadigan vositalarda juda kuchli kimyoviy moddalar bor. Shuning uchun ularning oshqozonga zarari haqida koʻp aytilmoqda. Ulardan foydalangandan keyin idishlarni suvda uzoq chayish tavsiya etiladi. Antibakterial sovunlar esa zararli mikroblarni oʻldirishda oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Lekin, undan foydalanganda terida jarohatlar yoki yoriqlar boʻlmasligi kerak. Yoʻqsa, u aks natija berishi ham mumkin.
— Demak, koronavirusga qarshi kurashda hamma sovun ham bir xil samara bermas ekan-da? Unda dezinfeksiya vositalari, yaʼni tarkibida xlor va spirt boʻlgan mahsulotlarning oʻrni qanday?
- Albatta, antiseptik vositalar, yaʼni qoʻlni yuvishda ishlatiladigan gel va boshqa suyuqliklar aynan zararli mikroorganizmlarga qarshi kurashish uchun ishlab chiqariladi. Ularning ham oʻziga xos turli oʻlcham va kuchlilik darajasi mavjud. Shuning uchun xarid qilayotganda yorliqda koʻrsatilgan moddalarga eʼtibor qaratish kerak. Bu mahsulotlarning turli vaziyatlarga mos keladigan yetti xil turi bor va bu ularning yorligʻida koʻrsatilgan boʻladi.
- Odatda, ularni bir-biridan koʻp ham farqlamaymiz. Gohida hidiga eʼtibor qilganimizni hisobga olmasak, gel ekan-da, deb ishlatib ketaveramiz. Bittasini olib butun oila ishlatsa boʻlmaydimi?
- Ular tarkibiga qoʻshilgan kimyoviy xom ashyoga koʻra turlicha boʻladi. Baʼzi birlarida turli kislotalar koʻp boʻlsa, boshqasida tabiiy giyohlar uchraydi. Misol uchun, ayni vaziyatdan kelib chiqadigan boʻlsak, bolalarga kuchli antiseptik vositalar mumkin emas. Ularning ayrimlari qoʻl yuvilganda terida yupqa himoya qatlami hosil qiladi. Bu esa oʻsayotgan organizmga zarar keltirishi mumkin. Shuning uchun bolalarga moychechak qoʻshilgan vositalar kundalik va tez-tez qoʻllash tavsiya etiladi. Ayni vaqtda qurilish yoki boshqa ogʻir sohalarda mehnat qilayotgan va koʻpchilik bilan muomalada boʻlayotgan toifa ham bor. Ular kuchliroq antiseptik vositalarni qoʻllashi kerak. Shuning uchun ishlayotgan joyi, yashash sharoiti, kundalik hayoti qanday oʻtayotganiga koʻra, har bir inson yorliqlarni oʻqib, oʻziga mos antiseptik vositalarni tanlashi kerak.
- Demak, tushunar-tushunmas xarid qilish kerak emas. Hammaga ham bir xil vositalar toʻgʻri kelavermaydimi?
- Yuvish vositalarini kuzatadigan boʻlsak, har birini oʻziga xos xususiyati va parametrlari mavjud. Ularni ishlab chiqarishda inson tanasiga mos xususiyatlar hisobga olinadi. Hatto mushuk yoki itga ham alohida chiqariladi. Ularning tanasi, badani insondan farq qilgani uchun. Misol uchun, bizda xizmatchilar oddiy xlorni suvga aralashtirib, har soatda xonalarga sepishmoqda. Bu ham oʻziga xos antiseptik tozalovchi vosita. Ammo, u qoʻlga tegsa,terini oʻyib yuboradi. Qoʻlga tegishini hisobga olsak, unga ozroq yogʻ qoʻshish kerak. Yoʻqsa, kuchli antiseptik vositalarni har kuni ishlatsangiz-u, ammo, qoʻl terisi yorilib yoki qurib qolsa, infeksiyalarning joylashib olishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Bu esa foydadan koʻra koʻproq zararli oqibatlarga olib keladi.
- Uy sharoitida ana shunday mahsulotlarni tayyorlash va qoʻllash borasida qanday tavsiyalar bergan boʻlardingiz?
- Uyda tayyorlashga kelsak, ularga ishlatiladigan xomashyolarning kimyoviy modda ekanligini unutmasligimiz kerak. Dezinfeksiya vositalarini tayyorlashda odatda ikki xil xom ashyodan koʻproq foydalaniladi. Biri nisbatan kuchsizroq hisoblanadigan ishqoriy moddalar boʻlsa, ikkinchisi, kuchli kislotalar majmuasidan iborat boʻladi. Ulardan qanday nisbatlarda foydalanish koʻproq mutaxassislarga ayon.
Agarda uyda tayyorlashni juda istasangiz, spirtga suv qoʻshilgan aralashma shaklida koʻllash mumkin. Kuchliroq dezinfeksiya vositasi tayyorlash uchun bari bir xomashyo uchun xarajat qilishga toʻgʻri keladi. Xlor, glitsirin va yana bir qator antiseptik vositalar hamma xonadonda ham boʻlavermaydi. Shuningdek, kimyoviy moddalardan bilib-bilmay foydalanish oʻzingizga ham, oila aʼzolaringizga ham ziyon keltirishi mumkin. Keling, yaxshisi maxsus tayyorlangan va sertifikatlangan sifatli mahsulotdan foydalanaylik.