KORONAVIRUS: Germaniyada oʻlim holati nega kam?
Berlin universiteti “Sharite” tibbiyot majmuasi va Garvard universiteti professori Tobias Kurt Germaniyada koronavirus tufayli yuz berayotgan oʻlim holatlari bilan bogʻliq statistikaga izoh berdi.
Berlin universiteti “Sharite” tibbiyot majmuasi va Garvard universiteti professori Tobias Kurt Germaniyada koronavirus tufayli yuz berayotgan oʻlim holatlari bilan bogʻliq statistikaga izoh berdi.
Ushbu mamlakatda hozirgi paytda rasman bir million aholidan COVID-19 oqibatida 108 kishi vafot etmoqda. Bu dunyo boʻyicha eng past koʻrsatkichlardan biridir.
“Bizda epidemiyaga tayyorgarlik koʻrish uchun vaqt boʻldi. Mamlakat sogʻliqni saqlash tizimi shundoq ham yaxshi tayyorgarlikka ega edi, biz esa sohani yana-da kuchaytirdik”, — deydi Kurt.
Professor yana shuni taʼkidladiki, nemis hukumati virus tarqalishi surʼatini epidemiyaning dastlabki bosqichidayoq tushirishga erishdi. Ushbu tadbir, asosan, keksalarni zararlanishdan asrash imkonini berdi.
Olimning fikricha, Germaniyada koronavirusdan oʻlim holati kamligi mamlakatda shakllangan oʻziga xos madaniyat va jamiyat tuzumi bilan bogʻliq. Masalan, bu davlatda juda kam holatlarda turli avlod vakillari bir xonadonda yashashadi.
“Yevropa janubida joylashgan mamlakatlarda koʻpincha qariyalar oilaning boshqa aʼzolari bilan birga istiqomat qilishadi. Demak, bunday vaziyatda uyda bir kishi kasallansa, oʻz-oʻzidan virusning boshqalarga ham oʻtishi ehtimoli kuchayadi. Yoshi ulugʻ insonlarda esa mazkur xastalikdan nobud boʻlish xavfi darajasi ancha yuqori”, — xulosa qilgan epidemiolog.