Hozirgi kunda kreditga avtomashina olish aholi orasida ommalashdi. Biroq, olingan kredit belgilangan tartibda to‘lanmasa, qarzdorlik sud tartibida undiriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2023 yil 30 noyabrdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor Madina Isayevadan undiruvchi “Kapitalbank” ATB “Kapital 24” CHBF Buxoro Smartbanki foydasiga 170.961.280 so‘m kredit qarzdorligi va 6.838.452 so‘m miqdordagi davlat bojini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Olot tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Qonunchilikka muvofiq mavjud qarzdorlikni bartaraf etish uchun qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq, ijro hujjati talablari bajarilmagan.
Ijro harakatlari davomida avtomashinaga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Qidiruv harakatlari davomida avtomashina Qorako‘l tumanida topilib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Qarzdorlikni bartaraf etish uchun qarzdorga yana muddat berilishiga qaramay qarzdorlik bartaraf qilinmagan. Shundan so‘ng, avtomashina realizatsiya qilish uchun baholanib, kimoshdi auksion savdolariga chiqarilgan. Auksion savdoda avtomashina 138.749.657 so‘mga sotilgan hamda sotuvdan tushgan mablag‘ hisobidan kredit qarzdorligini qoplash choralari ko‘rilgan.
Avtomashina sotuvidan tushgan mablag‘ kredit qarzdorligi va sud xarajatlarini to‘liq qoplashga yetarli bo‘lmaganligi sabab, hozirda qarzdorlikni qolgan qismini undirish choralari ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri