Ko‘rgazma: jom atrofida aylangan olam
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida ruminiyalik rassom Leliya Rus-Pirvanning “Melanxoliya” nomli ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ekspozitsiyada rassomning eng sara grafik asari namoyish etilib, unda jom (qadah) obrazi markaziy badiiy timsol sifatida talqin qilindi.

Tadbirda qayd etilganidek, ushbu obraz orqali muallif insonning ichki dunyosi, xotira, o‘z-o‘zini anglash va yangilanish jarayonlarini ifodalaydi. Oddiy predmetdan ramziy shaklga aylangan jom kechinmalarni mujassam etuvchi va ularni yetkazuvchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi.
Ko‘rgazma konsepsiyasi tashqi kuzatuvdan ichki tajribaga o‘tish g‘oyasiga qurilgan bo‘lib, unda moddiy va ramziy olam, mavjudlik va yo‘qlik o‘rtasidagi nozik bog‘liqlik badiiy yechimlarda aks etadi. Bu jihatdan asarlar tomoshabinni o‘z ichki olami bilan muloqotga chorlaydi.

Ranglar palitrasida moviy rang yetakchi o‘rin tutib, u cheksizlik, sokinlik va mushohada timsoli sifatida talqin etiladi. Shu bilan birga, ushbu rang o‘zbek madaniyatiga xos ramziy ma’nolar bilan uyg‘unlashib, asarlarga yanada chuqur ma’no bag‘ishlaydi.
Shuningdek, ko‘rgazma melanxoliyani passiv holat sifatida emas, balki insonning ichki tafakkuri va o‘zini anglash jarayonidagi muhim bosqich sifatida yoritadi.
Ko‘rgazma 10-mayga qadar davom etadi.
G.Boboyeva, O‘zA