O‘zbekistonning an’anaviy hamkor davlatlari bo‘lgan Ko‘rfaz arab davlatlari mamlakatimiz bilan mustaqillikning ilk yillaridan yaqindan do‘stona munosabatlarni o‘rnatgan.
Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon Sultonligi, Qatar va Bahrayn davlatlaridan tashkil topgan jahonning kuchli “arab oltiligi” deya e’tirof etiluvchi davlatlar o‘zining nafaqat neft va gaz zaxirasi bo‘yicha ustuvorligi jihatidan, balki yer yuzining ko‘pgina rivojlanayotgan davlatlariga donorlik vazifasini o‘tayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Shuningdek, ta’kidlash joizki, mazkur davlatlar Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro hukumatlararo tashkilotlarning asosiy ta’sischisi va ushbu tashkilotlarning muhim harakatlantiruvchi kuchi sanaladi.
O‘zbekiston Ko‘rfaz arab davlatlari bilan iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, turizm, transport kommunikatsiyasi, yashil iqtisodiyot sohalarida ikki tomonlama, shuningdek, ular bilan Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki doirasidagi o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorligining huquqiy asoslari shakllangani ma’lum. Mazkur davlatlar bilan O‘zbekiston 100 ga yaqin xalqaro shartnomalar imzolagan.
O‘zbekistonning Ko‘rfaz arab davlatlari bilan hamkorlik munosabatlari 2016 yildan keyin rivojlanish bosqichiga o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur davrdan boshlab iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, ayniqsa investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan o‘tgan yili Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan investitsiya shartnomasi dunyoga mashhur mazkur xorijiy hamkorimiz tomonidan yurtimizda issiqlik elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va korxonani 25 yil muddatga ishlatishni nazarda tutadi. Loyihaga “ACWA Power” 1.2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qiladi, qurilish va foydalanish bosqichida 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratadi. Stansiya yiliga 12 milliard kVt/soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahrida Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida quvvati 1500 MVt bug‘-gaz uskunasiga ega bo‘lgan elektr stansiyasining tamal toshini qo‘yish marosimi, shuningdek, “ACWA Power” kompaniyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida Navoiy va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya shartnomalari imzolandi. Bu loyihalar bugungi kunda O‘zbekiston milliy energetika tizimiga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
Shu kabi loyihalarni O‘zbekiston Hukumati bilan “Mubadala” va “Masdar” Abu Dabi investitsiya kompaniyasi o‘rtasida imzolangan bitimning amalga oshirilishida ko‘rish mumkin.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Ko‘rfaz arab davlatlari bilan hamkorligining yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etar ekanmiz, joriy yilning 19 iyul kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etib, nafaqat O‘zbekiston balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi tashabbuslarni ilgari surganini ham aytish joiz.
O‘zbekiston rahbari siyosiy sohada keng qamrovli hamkorlikni turli formatlarda rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Birodar davlatlar va xalqlarni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusida ko‘p tomonlama Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik bitimini ishlab chiqish masalasini o‘rganish taklif etildi.
Ikkinchi yo‘nalish – yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlik. Davlat rahbari innovatsiyalar, “sun’iy” intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xo‘jaligi”, nano va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratish zarurligini qayd etdi.
Uchinchi yo‘nalish savdo va transport bog‘liqligini kuchaytirishdan iborat. Davlatimiz rahbari Ko‘rfaz davlatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan ko‘p tomonlama Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.
To‘rtinchi yo‘nalish – ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari. Yurtimizda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilarning e’tibori beshinchi yo‘nalish – turizm sohasiga qaratildi. “Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qo‘shma turistik mahsulotlarni ko‘paytirish hamda 2024 yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb e’lon qilingan Xiva shahrida mintaqalarimiz yetakchi sayyohlik operatorlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Mazkur sammit ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonning “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvni Samarqand shahrida o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlagani alohida ahamiyat kasb etdi.
O‘ylaymiki, ushbu sammit doirasida qayd etilgan tashabbuslar va qabul qilingan hujjatlar kelajakda davlatlar hamkorlik munosabatini yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mahinnora Mirhamidova,
JIDU “Xalqaro huquq va ommaviy
huquqiy fanlar” kafedrasi dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
O‘zA