Koreyada O‘zbekiston piar markazi ochiladi
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Koreyaning KASTLE sayyohlik va hordiq jamiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Koreyaning KASTLE sayyohlik va hordiq jamiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
U Koreya - O‘zbekiston o‘rtasida turizmni rivojlantirish borasida tuzilgan “yo‘l xaritasi”ga ko‘ra tashkil etilgan bo‘lib, Koreyada yurtimizning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Agarda keyingi yillarda Koreyadan kelayotgan sayyohlar soni ortganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu ijobiy natija berishi shubhasiz. Shuningdek, Koreyada O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Milliy PR-sentr”ini filiali ochiladi. Bu esa yurtimiz haqidagi turli targ‘ibot materiallarini Koreya fuqarolariga tarqatishda qo‘l keladi.
– O‘zbekistonga birinchi kelishim, u kutganimdan ham ko‘rkam va fayzli ekan, – deydi Koreyaning KASTLE sayyohlik va hordiq jamiyati direktori Xeon Seo. – Toshkent shahri va viloyatining bir qator joylarini ko‘rdik. Ertaga Samarqandga ketmoqchimiz. Bilasizmi, bir necha asr oldin bizning Govrio ismli elchimiz Samarqandga kelgan ekan. Bizda mazkur tarix aks etgan chizilgan eski rasmlar bor. Unda keltirilgan joylarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish istagidaman. Markaziy Osiyo davlatlariga sayohat qilib, qadimiy ipak yo‘lini tiklash niyatimiz bor. Shu maqsadda Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ham bormoqchimiz.

Qayd etish joizki, KASTLE 2000 yildan buyon akademik tadbirlar ya’ni turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar orqali Koreyaning milliy sayyohlik siyosatini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Muntazam ravishda mintaqaviy turizmni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy forumlar, konferensiya, talabalar almashinuvi va malaka oshirish dasturi doirasida Koreyadagi oliy o‘quv yurtlariga yordam berish, shuningdek, tizim sohasida ishchilar malakasini oshirish bo‘yicha doimiy forumlar o‘tkazib turadi.