Qashqadaryolik qo‘li gul usta Obidjon Odilov uylarni ta’mirlaydi. To‘rt farzandining kelajagini o‘ylab, ular uchun yaxshi sharoit yaratish maqsadida Koreya Respublikasida ishlab kelishni maqsad qilgan. Bugun Obidjon ham yuzlab yurtdoshlarimiz singari ushbu davlatda ishlash imkonini beradigan “EPS-Topik” imtihonidan o‘tdi.
– Maktabda yaxshi o‘qigan bo‘lsam-da, oilaviy sharoit tufayli oliy ma’lumot ololmaganman, – deydi Obidjon Odilov. – Shu bois farzandlarimni o‘qitish niyatidaman. Xorijda ishlab kelishga aynan shu maqsadda ketyapman. Hozirgina imtihon topshirdim. Testni koreyalik mutaxassislar oldi. Jarayon haqqoniy, shaffof o‘tdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari ham imtihon qanday o‘tayotganini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.
Ma’lumot berilishicha, O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan, mamlakatimiz fuqarolariga malaka talab etilmaydigan Ye-9 ishchi vizasi bo‘yicha ushbu davlatda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilangan. Mazkur viza orqali fuqarolar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb etiladi.
O‘tgan 2022 yilda Ye-9 vizasi bilan 4901 kishi tashkiliy tarzda jo‘natilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida ushbu ko‘rsatkich 1800 dan oshdi.
Koreyada ishlash uchun 2023 yil 6-9 fevral kunlari onlayn ro‘yxatdan o‘tgan 24 ming 942 nafar nomzodning birinchi guruhi uchun “EPS-Topik” testi 14 martdan 7 aprelgacha bo‘lib o‘tgan edi. Ikkinchi guruh uchun, Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga asosan, 13 aprel kuni boshlangan imtihon 2 iyungacha davom etadi.
Shuningdek, 2-3 may kunlari yana 4729 nafar fuqaromiz onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Guvohi bo‘lganimizdek, imtihon shaffof, haqqoniy va xolislik tamoyili asosida o‘tkazilyapti. Koreya tomonidan qo‘yilgan talablar haqida bir necha marta ogohlantirilishiga qaramay, tartibni buzish, xususan, imtihonga elektron vosita, shpargalka olib kirishga urinish holatlari ham uchrayapti. Joriy yil imtihon boshlangandan buyon “EPS-Topik” imtihoni tartibiga rioya qilmagan 100 nafarga yaqin nomzod testdan chetlatilgan.
Test Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan baholanadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ro‘yxati ushbu xizmat hamda Agentlik veb-saytida e’lon qilinadi.
Koreya tomonidan xorijiy, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash uchun EPS.GO.KR veb-saytida har bir nomzodga shaxsiy kabinet ochilgan. Mazkur sahifa orqali fuqaro to‘g‘risidagi ma’lumot, ya’ni sinovdan o‘tish bali, so‘rovnoma javobi batafsil yoritib boriladi.
– Yurtdoshlarimiz Koreya Respublikasiga ishga borishi uchun ushbu davlat tomonidan muayyan talablar qo‘yilgan, – deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov. – Bu shartlar O‘zbekiston singari yana 16 ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlat uchun bir xil. Koreya bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha munosabat ancha yil oldin yo‘lga qo‘yilgan. Hozir 18-40 yoshli fuqarolarimiz imtihonda qatnashyapti. Kim yuqori natija qo‘lga kiritsa, ushbu davlatga borib ishlashi mumkin. Buning uchun fuqarodan, avvalo, koreys tilini yetarli darajada bilish talab etiladi. Shuningdek, jismoniy sog‘lomlik, eng muhimi, rang ajrata olmaslik kasalligiga chalinmagan bo‘lish ham qat’iy talab etib belgilangan. Agentlik xodimlari ishga yuborilayotgan har bir fuqaroni Koreyada ish, yashash joyi bilan ta’minlanishini, turmush sharoitini nazorat qilib, monitoring olib boradi. Migrant qandaydir muammoga duch kelsa, unga o‘sha yerning o‘zidayoq yordam ko‘rsatiladi.
Bugungi kunda mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida qator davlatlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Masalan, o‘tgan yil ilk bor Buyuk Britaniyaga 400 nafar ishchi yuborildi. Bundan tashqari, xorijda ishlash istagi bo‘lgan fuqarolarimiz Germaniya, Turkiya, Ruminiya, Yaponiyaga ham yuborilmoqda.
Go‘zal Sattorova, O‘zA