Davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Bosh vazir Abdulla Aripov hamrohligida poytaxtimizdagi "U-ENTER" innovatsion tadbirkorlik markazida bo‘ldi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Koreya axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish agentligining qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan "U-ENTER" innovatsion tadbirkorlik markazi Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi asosida o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlarga o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishlari uchun har tomonlama ko‘mak berishga mo‘ljallangan.
[gallery-17832]
Mazkur markaz startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish va imkoniyatlarni kuchaytirish orqali O‘zbekiston Startap ekotizimini jonlantirish, tajribalar bilan o‘rtoqlashish, Koreya Startaplarining Markaziy Osiyoga kirishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Dunyo murakkab global inqirozga yuz tutayotgan davrda o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va bu yo‘lda samarali loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mamlakatlar taraqqiyoti uchun muhim sanaladi.
Prezident Yun Sok Yol markazda O‘zbekiston yoshlari bilan samimiy suhbatlashdi.
Koreya Prezidenti Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining samimiy dil so‘zlarini yozib qoldirdi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA