Poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida 4 sentyabr – Butunjahon taekvondo kuni munosabati bilan yoshlar o‘rtasida taekvondo WT bo‘yicha “Koreya Respublikasi elchisi kubogi” XXII xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Unda mamlakatimizning turli hududidan kelgan 400 nafardan ortiq taekvondochilar g‘oliblik uchun kuch sinashadi.

Mazkur musobaqa dasturiga muvofiq, bugun va ertaga taekvondo kyorugi (jang) turi bo‘yicha bahslar tashkil etiladi. Unda yigitlar va qizlar o‘ntadan vazn toifasida maydonga chiqib, g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Shu o‘rinda, Butunjahon taekvondo kuni haqida ma’lumot berib o‘tsak. Bundan 31 yil muqaddam, ya’ni 1994 yil 4 sentyabr kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Parij shahrida o‘tgan sessiyasida taekvondo WT sport turining rasman Olimpiadaga qabul qilinganini e’lon qilgan. 2000 yil Avstraliyaning Sidney shahridagi Olimpiya o‘yinlarida ilk bor taekvondo bahslari o‘tkazildi.

2006 yil Vetnam poytaxti Xoshimin shahrida Bosh Assambleya tomonidan 4 sentyabr sanasi «Butunjahon taekvondo kuni» deb e’lon qilindi. Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan mazkur sport turi yoshlarimiz orasida jadal ommalashmoqda. Muhimi, yoshlar orasida bu sohada yuksak marralarni zabt etayotgan sportchilar kamol topmoqda.

Hozirgi kunda Ulug‘bek Rashitov, Shuhrat Salayev, Jasurbek Jaysunov, Svetlana Osipova, Ozoda Sobirjonova, Feruza Sodiqova, para taekvondo bo‘yicha Asadbek Toshtemirov, Guljanoy Naimova hamda Ziyodaxon Isoqova kabi Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon hamda qit’a chempionlari bor. Ularga havas qilgan holda mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanayotganlar soni 30 mingga yaqinlashdi.

Keyingi yillarda taekvondo WT sport turi bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar soni ortib, yangidan yangi marralar zabt etilmoqda. Bunga misol qilib o‘tgan yil Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Ulug‘bek Rashitovning o‘z faoliyatida ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritgani va mamlakatimiz taekvondo tarixida yangi sahifa ochganini keltirish mumkin.  

Shu bilan birga, 2022 yil Svetlana Osipova jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. «Parij-2024» Olimpiadasida kumush medalga sazovor bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol taekvondochiga aylandi.

Bu yutuqlar zamirida O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi tomonidan tizimli va aniq reja asosida olib borilayotgan samarali ishlar mujassam.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Koreya Respublikasi elchisi kubogi” turniri o‘tkazilmoqda