Koreya Respublikasi delegatsiyasi OKMKda
Janubiy Koreya bilan o‘zaro hamkorlik doirasida joriy yilning 7 sentyabr kuni Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiya OKMK Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasiga keldi.
Tashrif davomida mehmonlar birlashma sexlaridagi ishlab chiqarish jarayoni, tayyorlanayotgan mahsulot turlari bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar o‘zbek-koreys ilmiy texnologik markazi faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi. Mehmonlar markazning videokonferens aloqasi orqali Janubiy Koreyaning KITECH sanoat texnologiyalari instituti xodimlari bilan muloqot qildi.
Xabaringiz bor, 2022 yilning 25 dekabr kuni Koreya Milliy Assambleyasi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ODI dasturiga ko‘ra, 15 milliard von (12 million AQSH dollari atrofida) miqdoridagi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.
–Dastur 2023-2027 yillarda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan iborat. Shuningdek, dastur doirasida 50 nafar kombinat mutaxassislari Koreyaning yetakchi kompaniyalari va ilmiy tadqiqot institutlarida tajriba almashishadi. Dasturda nodir metallarni – volfram molibden, tellur, selen, reniy, osmiyni qayta ishlab, yarim o‘tkazgich sanoati uchun sof holda ajratib olish, qattiq qotishmali uskunalarga qattiq barer qoplamalarni qoplash, yarimo‘tkazgich sanoati uchun kislorodsiz mis mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham o‘rin olgan.
Mazkur grant mablag‘lari doirasida Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasining o‘zbek-koreys ilmiy texnik markazi qoshida sanoat tajriba sexi tashkil etildi. Ushbu sexga zamonaviy laboratoriya jihozlari hamda texnologik uskunalar olib kelinmoqda. Yangi sexda Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish dasturga asoslangan holda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, yangi texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilyapti.
Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifidan maqsad ham aynan O‘zbekistondagi nodir metallar sanoati bilan tanishish, grant dasturining kelajakdagi yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘ldi. Shuningdek, tashrif davomida Koreya Respublikasi bilan istiqbolli mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA