Ko‘prik quladimi yoki montaj jarayonida balka shikastlandimi?
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani hududidan o‘tuvchi M-39 magistral avtomobil yo‘lida qurilayotgan ko‘prikka oid videolavhalar tarqaldi. Unda ko‘prik konstruksiyalaridan birining pastga tushib ketgani aks etgan.
Videoda bildirilgan ayrim munosabatlarda esa hali bitmagan ko‘prikning qulab tushgani, davlat mablag‘lari sifatsiz qurilishga sarflanayotgani haqida turli iddaolar ilgari surildi.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri voqea joyida bo‘lib, qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ob’ekt hali foydalanishga topshirilmagan. Ayni paytda bu yerda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Ko‘prikning bir nechta balkalari o‘rnatilgan, ularni montaj qilish ishlari olib borilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan balka esa voqea joyidan olib qo‘yilgan.

Qurilish ishlarini olib borayotgan “New tech Samarqand” MCHJ loyiha menejeri Dilshod Aripovning ma’lum qilishicha, voqea 6-avgust kuni balkani ikki tomondan avtokranlar yordamida ko‘tarib, o‘rnatish jarayonida sodir bo‘lgan.

– Balkani montaj qilish paytida ikki tomondagi avtokranlar harakatidagi ozgina ehtiyotsizlik oqibatida konstruksiya qiyshayib ketgan. Natijada balka yorilib, pastga tushgan. Ko‘prik hali bitmagan, qurilish ishlari belgilangan tartibda davom ettirilmoqda, – deydi D.Aripov.

Mutaxassislar tushuntirishicha, mazkur turdagi ko‘priklarda qo‘llaniladigan temir-beton balkalar maxsus konstruksiyaga ega bo‘lib, to‘g‘ri holatda o‘rnatilganda loyihada belgilangan yuklamani ko‘tarishga mo‘ljallangan. Biroq montaj jarayonida balkaning muvozanati buzilib, qiyshayishi konstruksiyaga noto‘g‘ri kuchlanish tushishiga va uning shikastlanishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holatni “yangi qurilgan ko‘prik qulab tushdi”, deya baholash to‘g‘ri emas. Gap ko‘prikning foydalanishga tayyor holdagi konstruksiyasi emas, balki uni montaj qilish jarayonida shikastlangan bir balka haqida bormoqda.
Ayni paytda ob’ektda transport vositalari harakati uchun aylanma yo‘l tashkil etilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Qurilish tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ko‘prikning umumiy uzunligi 33 metr bo‘lib, uni 2027-yil dekabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri