Ko‘plab bitiruvchi yoshlarga imkoniyat eshiklari ochildi
“Talaba Expo – 2026”
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida Andijon viloyati Bobur shahrida oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari hamda yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida “Talaba Expo – 2026” kasb-hunar va bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev mamlakatimizda yoshlar, ayniqsa, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, yurtimizda mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
[gallery-29795]
Ko‘rgazmada viloyatdagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalar, xususiy sektor korxonalari, umuman, 238 ta sub’ekt o‘zining mavjud 10 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
– Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi, yoshlar hamda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashishlariga ko‘maklashish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Andijon filiali rahbari Xurshidbek Xoshimov. – Ishonamanki, ko‘plab yoshlarimiz yaratilgan ushbu imkoniyatdan foydalanib, o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha ishga joylashadilar.
Ko‘rgazmada viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi tasarrufidagi 56 ta texnikum 216 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Boshqarma bo‘lim boshlig‘i Ilhomjon Ortiqboyevning ta’kidlashicha, viloyatdagi texnikumlarda o‘tgan yili 94 ta kasb bo‘yicha mutaxassislar tayyorlangan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan 126 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Yangi o‘quv yilidan IT, logistika, robototexnika singari qator yangi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
– Ko‘rgazmada 10 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etyapmiz, – deydi Baliqchi tumanidagi 1-son texnikum direktori Jasurbek Obidov. – Asosan, turli fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarni ishga taklif etyapmiz. Ishga joylashish istagidagi ko‘plab bitiruvchilar bilan suhbatlashdik, talab va takliflarimizni bildirdik. Ularning bir nechtasi jamoamizda ishlashga qiziqish bildirdi.
Ko‘rgazmada huquqni muhofaza qiluvchi organlar – viloyat ichki ishlar, milliy gvardiya, majburiy ijro byurosi, bojxona, favqulodda vaziyatlar, mudofaa ishlari boshqarmalari vakillari mazkur tizimlarga ishga joylashishni istagan bitiruvchi yoshlar bilan suhbat va muloqotlar o‘tkazdi.
– Toshkent Iqtisodiyot universitetida sirtdan tahsil olaman, – deydi Andijon shahri, Mirpo‘stin mahallasida yashovchi Mirjalol Shavkatov. – Harbiy xizmatni o‘tab qaytdim, mudofaa tizimida ishlash niyatim bor. Shu bois, ko‘rgazmada mutasaddi va mutaxassislardan ishga joylashish bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar oldim.
Shuningdek, ko‘rgazmada “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali, “Issiqlik ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari ham ushbu tizimlarda ishlash istagidagi bitiruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazdi, ishga joylashish bo‘yicha zarur ma’lumotlar berdi.
– “Talaba Expo – 2026” kasb-hunar va bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi men kabi juda ko‘p bitiruvchilarni qiynayotgan muammolarni hal etishga yordam berdi. Men ko‘rgazmada Qo‘rg‘ontepa tumani kadastr bo‘limiga ishga joylashish uchun yo‘llanma oldim, – deydi Andijon davlat universiteti geografiya yo‘nalishi bitiruvchisi Zuhriddin Foziljonov.
– Men Shahrixon tumanidagi 3-son texnikumga o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashdim, – deydi Andijon davlat chet tillari instituti bitiruvchisi Sohibaxon Ne’matjonova. – Birinchidan, ushbu texnikum uyimga yaqin, qolaversa, yosh mutaxassis sifatida samarali ishlashim uchun zarur sharoitlar yaratilganligini eshitib, xursand bo‘ldim.
Ko‘rgazma doirasida bir guruh faol va ilg‘or bitiruvchi talabalar “O‘zmilliybank”ning sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sovg‘alarni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Sirojiddin Boboqulov, “O‘zmilliybank” “Kelajakka qadam” markazi rahbari Elmurod Hoshimov oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularning biznes-g‘oya va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, “Talaba Expo – 2026” kasb-hunar va bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi esa ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, ushbu marosimda “O‘zmilliybank” va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Kelajak tadbirkorligi” loyihasi doirasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kengaytirish istagidagi bir guruh bitiruvchi talabalarga imtiyozli kredit olish uchun bank vaucherlari topshirildi.
– Men o‘zim yashayotgan Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘quv markazi tashkil etganman, - deydi Andijon davlat pedagogika instituti matematika va informatika yo‘nalishi bitiruvchisi Ra’no To‘xtasinova. – Markaz faoliyatini kengaytirish uchun taqdim etgan biznes-loyiham ma’qullanib, menga imtiyozli kredit ajratilganligidan xursandman. Men kabi tadbirkor yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotganligi uchun avvalo, Prezidentimizga, mutasaddilarga ko‘pdan-ko‘p rahmatlar aytaman.
Taqdirlash marosimida talabalar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishdagi faolligi, “O‘zmilliybank” bilan yaqin hamkorligi uchun Andijon davlat pedagogika instituti, Andijon davlat universiteti hamda Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyatiga bank statuetka hamda maxsus sovg‘alari topshirildi.
“Talaba Expo – 2026” kasb-hunar va bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi ko‘plab yoshlar, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga, shuningdek, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, imkoniyatlardan foydalanish va kelajakdagi faoliyat yo‘nalishlarini belgilab olishlariga yaqindan yordam berdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.