Ko‘p tilli mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi ishga tushishi muhokama qilindi
Yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri bo‘lgan iSON Xperiences Customer Experience (CX) va Business Process Outsourcing (BPO) 19 ta mamlakatda 40 dan ortiq operatsion markaz orqali har oy 50 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov iSON Xperiences kompaniyasining bosh operatsion direktori Rami Sveys bilan uchrashdi. Muzokaralarda IT Park Uzbekistan Eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida e’tibor O‘zbekistonda 100 ta ish o‘rniga ega ko‘p tilli mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazini tashkil etuvchi birinchi loyihani ishga tushirishga qaratildi.
Shuningdek, kompaniya ingliz, nemis, turk va boshqa tillarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan jamoalarni shakllantirish orqali o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalarini bayon qildi.
Shuningdek, IT Park Uzbekistan xalqaro BPO kompaniyalari uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, mutaxassislarni tayyorlash va loyiha amalga oshirilishining barcha bosqichlarida hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA