Ko‘p qavatli uylarda yashashning o‘z qonun-qoidalari bor
Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi tomonidan 2024 yilning o‘tgan davriga qadar viloyatdagi 1620 ta ko‘p kvartirali uylarda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘rganildi.
O‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida ko‘p kvartirali uylarda yashovchi mulkdorlar tomonidan 376 ta holatda uylarning tayanch yoki to‘siq konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan buzish, turli xildagi noqonuniy qurilmalar qurib olish kabi holatlar aniqlandi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha bajarilishi shart bo‘lgan majburiy ko‘rsatmalar berilib, 78 ta o‘zboshimcha qurilmalar bartaraf etildi.

Farg‘ona shahar “Zarbdor” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishlarda shu hududda yashovchi fuqarolar tegishli tashkilotlardan rasmiylashtirmasdan, o‘zboshimchalik bilan ko‘p qavatli uylar atrofiga binolar qurib, savdo-sotiq faoliyati bilan shug‘ullanayotgani, shu bilan birga, ko‘p qavatli uylarning tayanch qismi, yerto‘laga kirish eshiklarini to‘sib tashlash yoki buzish holatlari aniqlandi. Berilgan majburiy ko‘rsatmalar talablarini o‘z vaqtida bajarmagan mulkdorlarga nisbatan qat’iy ogohlantirish berildi.
Bunday nizolarning kelib chiqishiga fuqarolarning huquqiy bilim darajasi yetarli emasligi, biror-bir qurilish qilish yoki yerni sotib olishda uning hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha huquqiy bilimga ega emasligi sabab bo‘lmoqda, – deydi hududiy inspeksiya bosh mutaxassisi Muzaffar Qurbonov. – Ta’kidlash kerakki, har bir qurilish yoki moslashtirish ishlari zarur hujjatlar asosida, tegishli muassasaning ruxsati bilan amalga oshirilishi shart. Kerakli ruxsatnomalarni olmasdan yoki arxitektura hamda qurilish normalari, qoidalariga zid ravishda qurilgan binolar inspeksiya xodimlari tomonidan to‘liq nazoratga olinadi, mana shunday targ‘ibot tadbirlari davomida esa ularga choralar ko‘rib boriladi.

O‘tkazilgan nazorat-targ‘ibot tadbirlari davomida inspeksiyaning ichimlik suvidan foydalanish va sotishni muvofiqlashtirish hamda oqova suv xizmatlaridan foydalanish bo‘limi xodimlari tomonidan ham qator kamchiliklar, qonunbuzilish holatlari aniqlandi. O‘rganishlar natijasida suv ta’minoti va oqava suv chiqarish sohasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan jami 194 ta ko‘rsatmalar kiritildi, ularning ijrosi bo‘lim tomonidan nazoratga olindi. Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida ichimlik suvini asrab-avaylash, undan oqilona foydalanish, qonunchilikda belgilangan choralar to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shu o‘rinda ko‘p kvartirali uylarda yashovchi mulkdorlardan tegishli tashkilotlardan ruxsatnoma rasmiylashtirmasdan, o‘zboshimchalik bilan ko‘p qavatli uylarning ichki qismidagi devorlarga o‘zgartirish kiritmasliklarini, uylar atrofiga noqonuniy qurilmalar qurmasliklarini so‘rab qolgan bo‘lardik. Bu bilan o‘zi va boshqalarning hayoti, sog‘ligi hamda mol-mulkiga zarar yetishi, turli xil baxtsiz holatlarning oldini olgan bo‘ladi.
Bunday nazorat-targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha shahar-tumanlarida davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA