Ko‘p qavatli uylarda sharoitlarni yaxshilash doimiy nazoratda (+video)
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 10 iyun kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda energetika sohasi ob’ektlarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida boshqaruv kompaniyalariga qator vazifalar belgilandi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan respublikadagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida faoliyat olib borayotgan boshqaruv organlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, respublikamizdagi 39 mingga yaqin ko‘p qavatli uyga 819 ta boshqaruv kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Soliq imtiyozi, arzon kredit berilgani, eski qarzlar “muzlatilgani” hisobiga ular oyoqqa turayotgani ta’kidlandi. Bir yil oldin 133 ta boshqaruv kompaniyasi “og‘ir” toifada bo‘lgan bo‘lsa, hozir bunday kompaniya qolmadi. Natijada yil boshidan 2 ming 100 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi, 1 millionga yaqin daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. Bu borada Andijon, Surxondaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi.
— Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, tizimda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarga optimal yechim berish maqsadida davlatimiz rahbarining 2023 yil 15 avgustda “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, — deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. — Ta’kidlash lozimki, ushbu qaror bilan boshqaruv organlariga qator imtiyoz va imkoniyatlar berilibgina qolmay, ularning muammolariga huquqiy yechim berildi. Majburiy badallarning eng kam miqdori belgilandi. Chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari tizimlashtirildi. Majburiy badaldan qarzdorlikni elektr energiyasiga integratsiya qilish ishlari boshlandi. Sohada sekin-asta raqobat muhiti shakllanayotgani bizni juda quvontiradi. Chunki islohotlarimiz boshidagi maqsadimiz ham shu edi. Ochiqlikni ta’minlash va raqobatbardoshlikka erishish. Bugun astoydil mehnat qilgan, biz qo‘ygan talablarga javob berayotgan, muhimi faoliyatiga zamonaviy yechimlarni jalb etayotgan boshqaruv organlari borki, rivojlanib bormoqda. Ko‘p qavatli uylarda sharoitlarni yaxshilash doimiy nazoratda.
Tadbirda respublikadagi ko‘p kvartirali uylarda yashovchi aholining yashash sharoitlari oldingi yillarga qaraganda ancha yaxshilangani alohida ta’kidlandi, galdagi reja va vazifalar hamda sohadagi raqamlar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, bir yil oldin 133 ta boshqaruv kompaniyasi “og‘ir” toifada bo‘lgan bo‘lsa, hozir bunday kompaniya qolmadi. 2024 yil yakuniga qadar “og‘ir” toifadagi BSKlarning barchasini “o‘rta” toifaga o‘tkazish hamda “yaxshi” toifadagi BSKlar sonini 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Tadbirda, shuningdek, Nukus, Jizzax, Qarshi, Termiz shaharlarida namunali boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etilgani ta’kidlandi. 2023 yil 1 yanvar holatiga BSKlarning namunaviy binolari soni 52 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 105 taga yetdi. Yil yakuniga qadar yana 27 ta namunaviy binolar foydalanishga topshiriladi.
Boshqaruv organlarining debitor qarzdorliklarini kamaytirish yo‘lida ham qator natijalarga erishildi. Ya’ni, 2022 yilda tushum 41 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 66 foizga yetgan. Joriy yil yanvar – may oyidagi BSK tushumlari 95 foizni tashkil qilmoqda. Boshqaruv organlari tushumlarining ortishi natijasida uylarni ta’mirlash bo‘yicha dasturlar qayta ko‘rib chiqildi hamda avval rejalashtirilgan 1 ming 685 ta uy o‘rniga 5 ming 493 ta uyni ta’mirlash belgilab olindi.
Hozirgi kunda tushgan mablag‘lar hisobidan 2 ming 100 tadan ortiq uylar ta’mirlandi. Bugungi kunda 1 ming 889 ta uyda ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Shuningdek, joriy yilda uylarning kirish yo‘laklariga kamida 50 mingta energiya tejovchi chiroqlar o‘rnatish orqali iste’mol hajmini 30 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan. BSKlarning moliyaviy ahvoli yaxshilanishi va qo‘shimcha ish hajmining ortishi natijasida o‘tgan 5 oyda 701 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Sentyabr oyiga qadar ushbu ko‘rsatkichni 1 000 taga yetkazish belgilangan.
O‘tgan yilda respublikada 3 mingga yaqin uylarning tom va yerto‘lasi ta’mirlandi. Birgina Toshkentda 2 080 ta uyning ichki tarmoqlari to‘liq almashtirildi. Natijada 2023 yilda aholidan tom va yerto‘la bo‘yicha tushayotgan murojaatlar soni 2 barobarga kamaygan. Shuningdek, tadbir davomida prokuratura mas’ullari hamda poytaxtimizda samarali mehnat qilayotgan boshqaruv servis kompaniyalarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha mutaxassislardan javob oldi.
Tadbir ishtirokchilari poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi namunali BSKlardan biri “Classic building communal” boshqaruv kompaniyasida ham bo‘ldi. Mazkur kompaniya 2012 yil tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 84 ta ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi 22 ming 570 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Boshqaruv kompaniyasi tomonidan sohaga o‘z hisobidan jami 5,5 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari jalb etilgan. Mazkur mablag‘lar kompaniya moddiy-texnik bazasini yangilash hamda ko‘p kvartirali uylar texnik holatini yanada yaxshilashga yo‘naltirib kelinmoqda. Hozirda kompaniyada 14 ta texnika mavjud.
Kompaniya hozirgi kunga qadar 54 ta uyning yerto‘la qismida joylashgan muhandislik tarmoqlarini to‘liq ta’mirladi. 38 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi, 50 ta uyning 225 ta kirish yo‘lagi mukammal va joriy ta’mirlandi. 19 ta uyning 42 ta markaziy elektr shitlari mukammal, 64 uyning 24 ming 580 metr kv tom qismi mukammal va joriy ta’mirlandi, 8 ta bolalar maydonchalari qurildi.
Shuningdek, kompaniya tomonidan qo‘shimcha xizmat turlarini ko‘paytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib kelinadi. Xususan, 34 xil servis xizmatlar (tikuvchilik, bolalar massaji, sartaroshxona, maishiy texnikalar tuzatish, temir panjaralar yasash, yuk tashish, konditsioner o‘rnatish, gilam yuvish, qurilish chiqindilari tashish, dezinfeksiya xizmatlari kabilar) tashkil etilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/zkLbF2Hd2ls?si=5CiWPgHSY1uxRIcO" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA